Viloyatdagi 21 ta dehqon bozorida 32 turdagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etildi
“Temiryo‘l dehqon bozori”da go‘sht 62 ming so‘mdan taklif etiladi(mi?)
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas oyda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan viloyatimizdagi markaziy dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
Jumladan, “Temiryo‘l dehqon bozori”da ham asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari - go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i, shakar, un, guruch, kartoshka, piyoz va boshqa kundalik iste’mol tovarlari bozordan 20-30 foizgacha arzon narxda aholiga taklif etilmoqda. Bozorda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun 13 ta, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 10 ta, go‘sht mahsulotlari uchun 7 ta va baliq mahsulotlari uchun 13 ta rasta ajratilib, xaridorlarga sifatli mahsulotlar taqdim etilmoqda.
Misol uchun, yarmarkada go‘sht o‘rtacha 100 ming so‘m, xorijdan keltirilgan va muzlatilgan go‘sht 75-80 ming so‘mdan, kartoshka 5000 so‘mdan shakar 12000 so‘mdan sotilmoqda. Bu xaridorlarga qulaylik yaratib, muborak oyda narx-navo barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
- Davlatimiz rahbarining topshirnig‘iga asosan Ramazon oyida aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etish topshirig‘i berildi, - deydi viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi Abror Rajabov. - Topshiriq asosida viloyatimizdagi 16 ta shahar-tumanlarimizda 21 ta markaziy dehqon bozorlarida 32 turdagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etildi. Narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar va fermer xo‘jaliklaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulotni keltirib, arzon narxlarda sotish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yarmarkalarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari bozordagidan ko‘ra o‘rtacha 20 foiz arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda. Muborak oy arafasida aholiga yana bir qulaylik yaratish uchun “Temiryo‘l dehqon bozori”da arzonlashtirilgan go‘sht mahsuloti savdosi boshlandi. Bu esa viloyatdagi eng arzon go‘sht bo‘lib, xaridorlarga kilogramini 62 000 so‘mdan taklif etiladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.