Ramazon rahmat, mag‘firat va najot oyi
Shu yil 6 fevral kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) huzuridagi Fatvo hay’atining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026 yilda Ramazon oyining birinchi kuni 19 fevral, payshanbaga, Ramazon hayiti esa 20 mart, juma kuniga to‘g‘ri keladi, degan qaror qabul qilindi.
Ramazon shunchaki ro‘za tutadigan oy emas. Bu niyatlar to‘g‘rilanib, qalb poklanadigan, inson o‘zini qayta kashf etadigan muborak palladir.
Tarixga e’tibor qaratadigan o‘lsak, Ramazon ro‘zasi 622 yilda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlaridan ikki yil o‘tib, sha’bon oyining 18-kuni farz qilingan. Shundan buyon uni butun dunyo musulmonlari xursand bo‘lib kutib oladi. Jumladan, yurtimizda ham azaldan Ramazon muqaddas va ulug‘ oy sifatida qadrlanib kelinadi.
Bu oy xalqimizning nafaqat diniy, balki ma’naviy hayotida ham alohida o‘rin tutadi. Ramazon kelishi bilan yurtda o‘ziga xos ruhiy muhit, poklik, mehr-oqibat va birdamlik hissi shakllanadi. Odamlar orasida sabr-toqat, bag‘rikenglik va mehr-shafqat tuyg‘ulari kuchayadi. Keksalarga hurmat, yoshlarga izzat, muhtojlarga yordam ko‘rsatish kabi qadriyatlar yanada jonlanadi.
Iftorlik dasturxonlari atrofida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, do‘st-birodarlar jam bo‘lib, duolar qilishi va ma’naviy suhbatlar qurishi xalqimizga xos go‘zal an’analardan biridir.
Ramazon oyida xayr-saxovat ishlari keng quloch yoyadi. Sadaqa, ehson, zakot va xayriya tadbirlari bahonasida kam ta’minlangan oilalar, yetim-yesirlar va bemorlar holidan xabar olinadi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi.
Masjidlarda taroveh namozlari, Qur’on tilovati va ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar ko‘payib, insonlarni ezgulikka, poklikka va halollikka chorlaydi. Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki tarbiya oyidir – nafsni tiyish, yomon odatlardan voz kechish, yaxshi xulq-atvorni mustahkamlash davridir.
Ramazon – rahmat, mag‘firat va najot (do‘zaxdan ozod bo‘lish) oyi. Uning dastlabki o‘n kunida Allohning rahmati yog‘iladi, ikkinchi o‘n kunligida tavba qilgan bandalarning gunohlari mag‘firat etiladi, uchinchi dekadada esa mo‘min-musulmonlar do‘zaxdan ozod qilinadi.
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod qilinadigan oydir”, dedilar”.
Ushbu uch fazilat Ramazon oyining eng muhim xususiyatlaridandir. Chunki har bir mo‘minning buyuk orzusi – avvalo Alloh taoloning rahmatiga erishish, keyin gunohlardan poklanish va do‘zaxdan saqlanib, jannatga kirishdir.
Albatta, Ramazon mo‘minlar uchun Allohning rahmati va barakoti yog‘iladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda rahmat eshiklari ochiladi”, deganlar.
Bu oyda mo‘minlar qiladigan barcha duo va ibodatlar alohida huzur-halovat bag‘ishlaydi, ruhiy taskin bilan birga ulkan ajr-savobga ham sabab bo‘ladi. Ramazonda ro‘zador insonning o‘qigan namozi, aytgan tasbehi, hatto uyqusi uchun ham ajr-savob yoziladi.
Ramazon mo‘min-musulmonlar uchun mag‘firat – gunohlar kechiriladigan oydir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod bilan, Allohdan savob umid qilgan holda tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”.
Shu bilan birga, Ramazon mo‘min-musulmonlar uchun “itqun minan-niyron” (otashdan xalos bo‘lish) oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning har tunida Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bo‘ladi”, deganlar.
Yurtimizda Ramazonga munosabat faqat diniy ibodat bilan cheklanib qolmay, umummilliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Hatto ro‘za tutmaydigan insonlar ham bu oyga hurmat bilan qarab, ro‘za tutuvchilarga ehtirom ko‘rsatadi. Bu xalqimizning bag‘rikengligi va ma’naviy madaniyati yuksak ekanidan dalolat beradi.
Alloh taolo yurtimizda Ramazon shukuhini yanada ziyoda qilsin. Musulmonlarga Ramazon oyining fazilatlaridan bahramand bo‘lish baxtini ato etsin, ibodatlarini qabul aylab, duolarini ijobat qilsin. Omin!
Yo‘ldoshxon ISAYeV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.