“Meni dadam olib ketyapti...”
Mehnat ta’tilimning dastlabki kunlaridan birida qizlarim - 6 yoshli Solihaoy va 4 yoshli Maryamxonni bog‘chadan olishga bordim. Ishda bo‘lib, avval hech ularni bog‘chadan olmagan ekanman. Meni ko‘rib qizlarim, ayniqsa, Maryamxon juda ham hayajonlanib ketdi, yugurib kelib o‘zini bag‘rimga otdi.
Uni endi uy yo‘lida ketishini ko‘ring, dunyoning eng baxtiyor qizalog‘i, ko‘cha-ko‘yda ko‘rganlarga "Meni dadam olib ketyapti, qaranglar", deydi bolalarcha beg‘uborlik bilan. Olisdan uy derazasida ko‘ringan onasiga ham dadasi bilan kelayotganini jaranglab, quvnab aytdi.
Kecha ham qizlarimni hayajonlantiray, deya bog‘chaga o‘zim bordim. Maryamxonda yana o‘sha hayajon.
Solihaoyning bog‘cha opasi "Onasiga aytasizda, shu qog‘ozdagi qozonni rangli qog‘ozdan birgalikda yasashga yordam qiladi, bu uyga vazifa", dedi. Farzandlarim bilan birgalikda amaliy mashg‘ulotlar bajarish, chizish, bo‘yash kabi ishlari ularning ham, mening ham joni dilim.
Oqshom vazifani birgalikda bajaramiz, deb Solihaoy bilan tayyorlanayotsak, uyda rangli qog‘oz yo‘q ekan. Vaqt ham ancha kech bo‘lib qolgan, do‘konlar yopilgan. O‘g‘lim Islomjon atrofdagi do‘konlarga borib, rangli qog‘oz topolmay keldi. Dadam bilan maza qilib qozon yasaymiz, deb turgan qizimning "tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketdi". O‘zim chiqdim, biror joydan qanday bo‘lmasin, rangli qog‘oz topayin deb. Topolmasdan keldim, kelsam Soliha uxlab qolibdi.
Guash bo‘yog‘i bilan rangli qog‘oz yasamoqchi bo‘libdi, ko‘ngli to‘lmagach esa "Uy vazifasini bajarmasdan bog‘chaga qanday boraman?" deya uxlab qolibdi.
Tong otdi, hali do‘konlar ochilmagan, o‘ylay-o‘ylay uydagi poyabzallarning rangli korobkalaridan qozonni yasashga kirishdim. Yomon chiqmadi.
Bog‘cha vaqti yaqinlashgach onasi qizlarni uyg‘ota boshladi. Har kungi kabi biroz injiqlik bilan turishga qiynalib turgan Maryamxon "yur, bog‘chaga o‘zim olib boraman" deyishimni eshitib, sakrab turib, taraddudlandi. Solihaoy esa bajarilmagan uyga vazifa sabab xohlar-xohlamas, shashtsiz harakatlanardi. Shu onda unga yasalgan qozonni ko‘rsatdim. Ishoning, qizimning kayfiyati shu qadar o‘zgardiki, "Voy, dadajon, muncha chiroyli qozoncha" deya yuz-ko‘zidan nur yog‘di.
Uchovlon bog‘chaga yo‘l oldik. Bog‘chadagi guruhiga Soliha qo‘lida uy vazifasi bilan quvonch va viqor bilan kirib ketdi.
Sherzod Suvonqulov,
iqtisodchi.