Martaba osmondan tushmaydi

Professor Abdurahmon Mamadaliyev siyratiga chizgilar

Ustoz 85 yoshni qarshiladi. Lekin u kishining nasabidan yuqqan ishtiyoq va harakatini ko‘rib, ana shunday insonning safdoshi ekanligimiz bilan faxrlanib yuramiz. Buning ustiga domla dunyoning manaman degan neyrojarrohlaridan biri hisoblanadi. Abdurahmon akadagi samimiyat hamisha bir xilda, ravon, muloyim gapirish xislati, hayotning ne’matlaridan ilm olish, odamlarga yaxshilik qilish kabi fazilatlariga o‘rganib qolganmiz. Shu sababli u kishi martabali ziyoli sifatida e’zozlanadi.

Denovning Jiydabuloq qishlog‘idan Samarqandga ilm izlab kelgan o‘spirin A.Mamadaliyev ko‘plab davlatlar tibbiyot oliy o‘quv yurtlari akademigi, Jahon neyrojarrohlik jamiyatlari federatsiyasi (WFNS) a’zosi.

Tabiiyki, bu yo‘l oson kechgan emas. Chunki u 1959 yildan buyon umrini Samarqand davlat meditsina universiteti bilan bog‘lab keladi. Yarim asrdan ziyodroq vaqt ichida bir joyda ishlab, izlanib, mamlakat neyrojarrohlarining ustozi darajasiga erishdi. Oliygohdagi xizmatlarini bosqichma-bosqich o‘tadi, qanoat qildi, ustozlar etagini ushladi. Kafedra mudiri, dekan o‘rinbosari, dekan, prorektor, hatto rektor vazifasini bajaruvchi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. Bunday qizg‘in jarayon uchun domla o‘zida barcha insoniy fazilatlarni topdi, namoyish qildi.

N.Burdenko nomli neyrojarrohlik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti sifatida ishlash jarayonida sohaga oid dunyoviy muammolarga duch keldi. Bu masalalarni o‘rganish barobarida o‘zi ham tajriba orttirdi. Samarqandga qaytgach, qadrdon maskanida neyrojarrohlikning rivojlanishi uchun yeng shimarib ishga tushdi. Domlaning tashabbusi bilan mustaqillik yillarida xorijiy tillarda yozilgan o‘nlab kitoblar, darsliklar o‘zbek tiliga o‘girildi, mahalliy mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga amaliyotga jo‘natish an’anaga aylandi.

A.Mamadaliyevning bekor o‘tirganini ko‘rmaganmiz. Jarrohlik stolidan ilmiy mutolaa va qo‘llanma yozishga, undan keyin chet ellardagi anjumanlarga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurardi. Chunki bu xislat uning turmush tarziga aylangandi. Shunday ulug‘ martabaga ega bo‘lsa-da, biror davrada manmanlik qilganligiga ko‘zimiz tushmadi.

Qizig‘i shundaki, Jahon neyrojarrohlar federatsiyasi kongresslari ham Abdurahmon akasiz o‘tmaydi. U kishining tashabbusi bilan Samarqandda federatsiyaning xalqaro ta’lim kurslari ham tashkil etildi. Globallashuv jarayonida inson salomatligi uchun xavflar tobora ko‘paygan sayin domla neyrojarrohlik sohasini talabga qarab rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surmoqda. Universitetda alohida neyrojarrohlik hamda harbiy dala jarrohligi kafedralarining ochilishida ham domlaning munosib hissasi bor. Ustozning sa’y-harakati, universitet ma’muriyatining qo‘llab-quvvatlovi natijasida oliygohda neyrojarrohlik va neyroreabilitatsiyaga ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markaz faoliyat yuritmoqda.

1984 yil Samarqandda yangi neyrojarrohlik klinikasi qurilib ishga tushirilishi, uning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishida domlaning xizmatlari katta. Keyinchalik Termiz, Qarshi, Jizzax, Buxoro shaharlarida ham ana shunday shifoxonalar tashkil etildi. Bugun ustoz ana shu tibbiy muassasalar bilan hamkorlikda ishlaydi, operatsiyalarga ko‘maklashadi, maslahatlar beradi, qo‘llanmalar yaratadi.

Darvoqe, olimning ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari 850 dan oshib ketdi. Ularning muayyan qismi xorijiy jurnallarda chop etilgan. Shu yo‘nalishda yaratgan 11 ta ixtirosi, 16 ratsionalizatorlik taklifi amaliyotda qo‘llanilmoqda.

Domlaning stolida hamisha taklifnomalarga ko‘zimiz tushadi. Erfurt (Germaniya), Dehli, Toronto, Islomobod, Sidney, Moskva, Kiyev, Olmaota, Minsk, Tbilisi, Tallin, Florida, Jakarta… sanab adog‘iga yetolmaysiz. Ammo zahmatkash olim bularning barchasini o‘zining salohiyatiga baho, deb hisoblaydi va e’tibor bilan yondashadi. Har bir anjuman uchun alohida ma’ruzalar, takliflar tayyorlaydi. Ba’zida u kishining tinimsiz harakatini ko‘rib, jamiyatimiz ana shunday fidoyi insonlar bilan butun ekanligiga iymon keltiramiz.

Albatta, insonning taqdiri uning nasl-nasabi, bolaligi bilan bog‘liq. Ehtimol, shu sababdir, domla bugungacha jamiyat e’zozida. Ustozning turmush o‘rtog‘i Xosiyat Axmirzayevna oliy toifali oftalmolog. Qizlari Saodat Samarqand davlat tibbiyot universiteti klinikasining birinchi toifali shifokori, Feruza vrach-rentgenolog, Nargiza vrach-oftalmolog, Adolat xususiy klinika rahbari. Sakkiz nabiraning uch nafari bobosi izidan borib, tibbiyot universitetida o‘qishyapti.

Domla ko‘ngilochar davralarga vaqt topolmaydi. Mabodo kelib qolsa, hamkasblar va shogirdlar uchun bayram. Chunki u kishining suhbati chinakam ilmiy va hayotiy saboq. Zero, Abdurahmon akaning salohiyati mamlakatimizning «Do‘stlik» ordeni, «Birinchi darajali mehnat faxriysi», «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» kabi o‘nlab mukofotlar bilan e’tirof etilgan.

A.Mamadaliyev jamiyatimizga qanchalik xizmat qilgan bo‘lsa, bundan keyin ham tibbiyot rivojida, milliy ma’naviyatimizning yuksalishida biz, shogirdlar uchun ibrat bo‘lib qolaveradi.

A.ShODIYeV,
SamDTU professori, tibbiyot fanlari doktori.
M.ALIYeV,
dotsent.