«Kamolot sari yetakla kasbim»: Taniqli olim Sodiq Nazarov 80 yoshni qarshiladi
Sodiq Nazarov o‘zining 60 yillik mehnat faoliyati davrida talabalar, o‘quvchi-yoshlar va keng jamoatchilikka mo‘ljallangan 40 ga yaqin uslubiy-ilmiy, 120 ta ilmiy, 40 dan ortiq ommaviy kitob va maqolalarni yozib, ularda O‘zbekiston tarixining dolzarb masalalari, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ulkan hissa qo‘shgan olim.
Ta’lim maskanlarida “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti”, “Siyosatshunoslik”, “Ma’naviyat asoslari”, “Oila psixologiyasi”, “Sotsiologiya” kabi fanlardan yoshlarga saboq berib, ko‘plab uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar yozib, chop ettirib kelgan. Bugun ular soni 200 ga yaqin.
Sodiq Nazarov 1944 yil Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. Boshlang‘ich va to‘liqsiz o‘rta maktabni shu tumanda, yuqori sinflarni Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida o‘qigan.
1965 yilda Samarqand davlat universiteti tarix fakultetiga o‘qishga kirgan. 1969 yilda Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutida yosh mutaxassis, tarbiyachi-ustoz sifatida faoliyat boshlagan. 1983 yilga qadar shu institut tarix kafedrasida o‘qituvchi va kafedra mudiri muovini sifatida faoliyat olib borgan. 1981 yil olim, tarix fanlari doktori, professor Mavlon Nazarov ilmiy rahbarligida Toshkent davlat universiteti ilmiy kengashida tarix fanlari nomzodligi uchun dissertatsiyani himoya qilib, fan nomzodi, dotsent darajasiga ega bo‘lgan.
1983 yildan ustoz faoliyatini Samarqand kooperativ institutida davom ettiradi. 2005 yildan akademik litsey ijtimoiy-gumanitar fanlari, tarix fani o‘qituvchisi, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
1999 yil dekabridan Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti ilmiy Kengashida tanlovdan o‘tib, O‘zbekiston tarixi va O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri lavozimida ish olib bordi.
2008 yildan 2024 yil martiga qadar Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyida direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 2010 yilda mazkur litseyning ryespublikada “Eng namunali akademik litsey” deb topilishida Sodiq Nazarovning hissasi katta bo‘ldi. 2022 yilda akademik litseylar reytingi darajasi bo‘yicha litsey ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ryespublika akademik litseylari o‘rtasida 2-o‘rinda deb e’tirof etildi.
Ustoz Sodiq Nazarovning yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimi sohasidagi islohotlarda faol ishtiroki Prezidentimiz, vazirliklar va mahalliy hokimliklar tomonidan e’tirof etilib, taqdirlanib kelinmoqda. Jumladan, 2014 yil oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi vazirligi a’lochisi” ko‘krak nishoni berilgan.
Bugun qutlug‘ 80 yoshini nishonlayotgan Sodiq Nazarov yaqinlari, shogirdlari ardog‘ida umrguzaronlik qilib kelmoqda. Domla ta’lim-tarbiya yo‘lida faoliyat yuritar ekan, ilmli bo‘lish, hunar o‘rganish, ma’naviy komillikka intilib, yoshlarga ezgu insoniylik tuyg‘ularini o‘rgatishga intildi. Bu hazrat Navoiyning “Quyoshlig‘ istasang, kasbi kamol et”, degan hikmatiga monanddir. Ustoz shogirdlariga ana shu hikmatni ko‘p eslatadi.