Hamshira, o‘qituvchi va olim-agronom

Kasb jihatidan bir-biridan uzoq bo‘lgan bu sohalarda ishlash, ishlaganda ham barakali  faoliyat yuritish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Ammo qahramonimiz - Zaynab Haydarova bu ishni kiftini keltirib, ado etganlardan.

Qanday qilib, deysizmi? Unda eshiting!

Zaynab Haydarova 1951 yil 1 avgustda Narpay tumanida tug‘ildi. Bilimga chanqoq qizaloq o‘rta maktabda o‘qib yurganidayoq boshqa sinfdoshlaridan farqli o‘laroq, oq xalatlilarni ko‘rsa, qochmadi, ularga havasi ortdi. Hamshira bo‘lishni oldiga maqsad qildi.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, "Muallima aya"ga ergashib, muallima bo‘lishni ham diliga tugib qo‘ydi. Yuqori sinfga o‘tganida aya kabi ayrim boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga dars ham berdi.

Ota-onasi dala odamlari emasmi, darsdan keyin kechgacha g‘o‘za oraladi: yozda chopiq qilib, kuzda paxta terib dalaga mehri tushdi. "Katta bo‘lsam agronom bo‘laman", deb

o‘z-o‘ziga so‘z berdi.

Maktabni tugatayotgan chog‘i bu maqsadlarini ota-onasiga aytishdan tortinmadi. Ular "Ilohim, niyatingga yet, faqat buning uchun o‘qishdan, izlanishdan tolma!" deya duo qilishdi.

G‘ayratli qiz ezgu maqsadi yo‘lida dadil harakat qildi. 1970 yilda Kattaqo‘rg‘on tibbiyot texnikumiga o‘qishga kirdi. Qo‘liga hujjatni olgach, bir muddat hamshira bo‘lib ishladi. So‘ng Samarqand davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. Bilimga chanqoq Zaynabga institutda aspiranturada o‘qishni taklif qilishdi. Ammo u shahardan ko‘ra qishlog‘i bag‘riga qaytishni, institutda olgan bilimini qishloqdoshlariga o‘rgatishni ma’qul ko‘rdi.

Maktabda o‘qituvchilik qilgach, rahbarlar unga mas’uliyatli bir vazifani topshirishdi. Bu - tumandagi 5-sonli bolalar bog‘chasi mudiraligi edi. Bolajonlar, qolaversa tarbiyachilar bilan qanday ishlash borasida o‘ziga yarasha tajriba orttirgan Zaynab opa ushbu bog‘chada 10 yil mudiralik qildi. Mehribonligi, bolajon fazilati bilan elda obro‘-e’tibor qozondi.

Yerga, dalaga mehri o‘zgacha emasmi, diliga tukkan uchinchi maqsadini ham amalga oshirish uchun astoydil harakat qildi. Buning uchun dalaga otlandi. 1984 yilning kuzidan tumandagi "Zarafshon" jamoa xo‘jaligida ish boshladi. Ko‘p o‘tmay brigadir bo‘ldi. Erkaklar bilan teppa-teng mehnat qildi.

"Bilim olish hech qachon ziyon qilmaydi". Zaynab opa ustozlarining bu gapini hech yodidan chiqarmasdi. Shuning uchun 1991 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga hujjat topshirdi va o‘qishga kirdi.

Diplom olgan vaqtida mamlakatimizga yangi tizim - fermerlik harakati kirib kelgan edi. Zaynab opa fermer bo‘lishga shoshilmadi. Avval bu tizimning miridan sirigacha o‘rgandi, zamonaviy qishloq xo‘jaligiga oid adabiyotlarni o‘qidi. Agronomlik qilib o‘z ustida izlandi, paxta yetishtirishning ayrim yangi texnologiyalari bo‘yicha izlanishlar olib bordi.

2004 yilga kelib Zaynab opa 2004 yilda «Mehnat-rohat» fermer xo‘jaligini tashkil etdi.

- Qirq yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritaman, - deydi opaning o‘zi. - 100 gektar maydonda fermer xo‘jaligi tashkil etib, paxta, g‘alla va sabzavot mahsulotlari yetishtiryapmiz. Shu bilan birga chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ydik. Har yili paxtaning gektaridan 40-42 sentner, g‘alladan 70 sentner hosil olyapmiz. Ayni kunlarda suvni, mineral o‘g‘itni tejash va hosildorlikni ko‘paytirish uchun dalalarni tomchilatib sug‘orishni joriy qilyapmiz. Shu bilan birga xo‘jaligimizda 60 bosh zotdor qoramol boqilmoqda, har yili 100 tonnadan ziyod sut sog‘ib olyapmiz, 4-4,5 tonna go‘sht yetishtiryapmiz.

Shu va yuqoridagi xizmatlari uchun Zaynab opa 1998 yilda "Mehnat shuhrati”, 2014 yilda "Do‘stlik” ordenlari bilan, 2017 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor» uvoni bilan taqdirlandi.

Darvoqe, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati sifatida besh yil davomida aholining minglab muammolarini hal qildi.

Bugun Zaynab opa 70 yoshini qarshiladi. Opaga hamshira sifatida nazardan, o‘qituvchi sifatida e’tibordan, olim-agronom sifatida e’tirofdan qolmang, deya niyat bildiramiz.