Keksalik bekorchilik emas, mas’uliyatli davr

Turli sohalarda yurtimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilgan bir guruh samarqandlik faxriylar dasturxon atrofida diydorlashdi.

"Inson qadri ulug‘langan yurtning ertasi ham ulug‘dir!" shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov va O‘zbekiston Qahramoni, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turdiyev so‘zga chiqib, yurtimizda keksalarni e’zozlashga qaratilayotgan e’tibor, ularning boy tajribasidan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishining o‘zi jamiyatda faxriylarning o‘rni nechog‘li muhim ekanligidan dalolat berishi qayd etildi.

Tadbirda samarali faoliyati, boy tajribasi bilan yoshlarga ibrat bo‘lib kelayotgan bir guruh nuroniylar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

- Keksalik bekorchilik emas, balki eng mas’uliyatli davr ekanligini his etgan holda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqqa to‘g‘ri, xalqona tushuntirishga harakat qilmoqdamiz, - deydi "El-yurt hurmati" ordeni sohibi, faxriy jurnalist Obloqul Usmonqulov. - Bugungi tadbirda aytilgan fikrlarni eshitib, yangi vazirligimizning bevosita nuroniylar bilan bog‘liq bo‘lganligi zimmamizdagi mas’uliyat yukini yana bir bor chuqur anglatdi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik har bir keksa nuroniyga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi. Biz bor kuchimiz bilan yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishda davom etib, yosh avlodga o‘rnak bo‘lishdan mamnunmiz.

Tadbir ishtirokchilariga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Alisher Isroilov.