Olim, pedagog va jurnalist Salimjon Xidirnazarov 80 yoshda
Bu gulshan ichrakim yo‘qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot.
Alisher Navoiy.
Hazrat Navoiyning yuqoridagi fardida ifodalangan g‘oyani o‘z umrining mazmuni va maqsadi deb bilgan navoiyshunos olim Salimjon Xidirnazarov 1946 yilda Samarqand shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Otasi Muhammad Amin Xidirnazarov shahar, viloyat va respublika miqyosida rahbarlik lavozimlarida ishlagan ziyoli inson edi. Badiiy adabiyotga juda qiziqardi.
Ana shunday adabiy muhit yosh Salimjonda badiiy adabiyotga mehr uyg‘otgan edi. Yetti yoshida Samarqand shahridagi 5-umumiy o‘rta maktabiga o‘qishga kirib, 1964 yilda uni oltin medal bilan tugatdi.
Shu yilning o‘zida Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirib, 1969 yilda uni imtiyozli diplom bilan bitirdi. Universitetdagi jo‘shqin adabiy muhit u o‘qigan guruh talablariga ijobiy ta’sir etmasdan qolmadi.
Natijada bir guruhning o‘zidan Omon Matjon, Mukarrama G‘afforova, Xo‘ja Hayit, Bekmurod Yo‘ldoshev, Abdushukur Choriyev, Abdurashid Abdurahmonov, Abduhamid Samiyev singari shoir va olimlar yetishib chiqdi.
Navoiyshunos olim Salimjon Xidirnazarov ham O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida akademik Botirxon Valixo‘jayev rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.
Salimjon Xidirnazarov Samarqand shahridagi maktablarda ona tili va adabiyotidan dars berdi. Uzoq muddat Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. Bir necha yil Samarqand viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida faoliyat ko‘rsatdi.
Navoiyshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, xalq ta’limi a’lochisi, mehnat faxriysi Salimjon Xidirnazarovning 2 ta kitobi, ikki yuzdan ortiq ilmiy, uslubiy, publitsistik maqolalari chop etilgan.
Masalan, «Yozdah imom maqbarasi» kitobida Samarqand shahridagi Zominiy mahallasida joylashgan, tarixi va aniq sanasi ma’lum bo‘lmagan Yozdah imom maqbarasining XII asrga tegishli ekanligi qayroqtoshlardagi arabcha yozuvlar asosida isbotlab berilgan.
U kishi 10 ta xalqaro, 27 ta respublika ilmiy-uslubiy konferensiyalarda ma’ruzalari bilan qatnashgan.
Hozirgi paytda pensiyada bo‘lishiga qaramay, Salimjon Xidirnazarov «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limining ishlarida faol qatnashib kelmoqda. Vaqtli matbuotda maqolalari tez-tez chiqib turadi.
Tolib Jo‘rayev.