Mohir jurnalist va yozuvchi Adash Istatni yo‘qlab
Taniqli ijodkor Adash Istad tavalludining 80 yilligi munosabati bilan "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov hamda "Ovozi Samarqand" gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov yozuvchi va mohir jurnalist xonadonida bo‘lib, adibni qutlug‘ yoshi bilan samimiy muborakbod etdilar.
— Mehnat faoliyatim davomida ko‘plab adabiyot va san’at darg‘alarining suhbatlarini olganman, — dedi otaxon ijodkor. - Ularning har bir fikri, hayot va ijod yo‘lidan o‘zim uchun saboq chiqarganman. Shu yillar davomida Samarqand zaminidan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk insonlarning hayoti va ijodini o‘rgandim. Alisher Navoiydan Sadriddin Ayniygacha, Hoji Abdulaziz Abdurasulovdan Boturxon Valixo‘jayevgacha bo‘lgan ulug‘ zotlar merosi men uchun hamisha katta maktab bo‘lib kelgan.
Suhbat davomida o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va adabiy-madaniy aloqalar haqida ham so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy davrida mustahkamlangan do‘stlik rishtalari keyinchalik Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad kabi ijodkorlar faoliyatida ham o‘zining munosib davomini topgan. Bugungi kunda ham bu ezgu an’analar izchil davom etmoqda.
Samimiy muloqot yurtimizda amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlari, madaniyat va san’at sohalariga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ijod ahli uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida davom etdi. Xususan, Samarqandning mashhur mumtoz xonandasi va bastakori Hoji Abdulaziz Abdurasulov muzeyining tashkil etilgani madaniy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
Adash Istad 1946 yil 7 sentyabrda Samarqand tumanida tavallud topgan. Tumandagi 16-sonli maktabni tamomlagach, 1964–1969 yillarda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi.
U ko‘p yillar davomida Tojikiston va O‘zbekiston davriy matbuot nashrlarida samarali mehnat qildi. Jurnalistikadagi faoliyati bilan bir qatorda, ilmiy-fantastik hikoyalar yozishga jiddiy e’tibor qaratdi. Uning ilk asarlari 1966 yildan boshlab gazeta va jurnallarda, keyinchalik internet nashrlarida muntazam e’lon qilib kelinmoqda.
Ijodkorning «Xayollar to‘lqini» (1970), «Quyosh qo‘shig‘i» (1974), «Zamir» (1978), «Paxtachormag‘iz daraxti» (1981), «Ming yildan keyin» (1988), «Samarqand ohanglari» (2007) kabi kitob va to‘plamlari chop etilgan.
80 yoshni qarshilagan Adash Istadning hayot va ijod yo‘li adabiyotga, jurnalistikaga va ma’naviyatga sadoqat bilan o‘tgan umrning yorqin namunasidir. Uning ijodiy izlanishlari, publitsistik faoliyati va boy tajribasi yosh avlod uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.
Shahzod Kenjayev.