O‘zbek tilshunosligiga munosib hissa qo‘shgan olim
Yaqinda Samarqand davlat universitetida tilshunos olim, professor Bozorboy O‘rinov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Samarqand shunday qutlug‘ zaminki, unda kamolga yetgan ulug‘ zotlar nafaqat yurtimiz, balki jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan olimlardir. Samarqand tilshunoslik maktabining yirik namoyandalaridan biri Bozorboy O‘rinboyev ana shunday olimlardan edi.
Umr yo‘li tinimsiz mehnat, ilm mashaqqati bilan yo‘g‘rilgan olim 1936 yilning iyun oyida Jomboy tumanidagi G‘azira qishlog‘ida tug‘ilgan. Oiladagi tarbiya va maktabda o‘qish jarayonida uyg‘ongan ilmga ishtiyoq uni 1950 yilda Samarqanddagi erlar pedagogika bilim yurtiga yetakladi. So‘ngra Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan olim, egallagan bilimlarini Jomboy tumani umumta’lim maktablarida yoshlarga o‘rgatdi. Maktabda o‘qituvchi va rahbar lavozimlarida ishlash jarayonida ham o‘z ustida ishladi, kasbiy mahoratini oshirdi. Bo‘lg‘usi olim SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi qoshidagi aspiranturada tahsil oldi. Qisqa vaqtda o‘zbek so‘zlashuv nutqi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Ilmda dastlabki dovondan oshgan yosh olim 1965 yildan Qarshi davlat pedagogika institutida ishlay boshladi. Oradan ikki yil o‘tib, yangidan tashkil etilgan Samarqand davlat pedagogika institutida faoliyatini davom ettirdi. Institutda oddiy o‘qituvchilikdan kafedra mudiri, fakultet dekani, institut prorektori, rektori kabi vazifalarda ishladi. 1974 yilda yangi tashkil etilgan Jizzax davlat pedagogika instituti rektorligiga tayinlandi. B.O‘rinboyev institut faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalari uchun puxta bilim olgan pedagoglar tayyorlash borasida tinimsiz ishladi, bu ishga layoqati yetadigan jamoani shakllantirdi.
Olimning ilmiy-pedagogik faoliyati u Samarqand davlat universiteti professori, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti kafedra mudiri bo‘lib ishlagan yillarida yana ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu davrda u o‘nlab kitoblar yozdi, ilmiy tadqiqotchilarga rahbarlik qildi. Shuningdek, B.O‘rinboyev Samarqand davlat universiteti matnshunoslik markazi boshlig‘i, ilmiy kutubxona bosh direktori vazifalarida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi.
B.O‘rinboyevning “O‘zbek so‘zlashuv nutqi stilistikasi”, “Navoiy asarlarida tasviriy vositalar”, “G‘afur G‘ulom asarlarida aforizmlar”, “Nutq va notiq”, “Nutq madaniyati va uni shakllantirishda maktabning roli”, “Notiqlik mahorati”, “Nutq madaniyati ko‘nikmasini shakllantirish omillari”, “O‘zbek nutqi madaniyati asoslari” kabi monografiya va qo‘llanmalari chop etilgan.
Bugungi kunda respublikamiz oliy ta’lim dargohlarida til tarixini o‘qitishda B.O‘rinboyev va U.Tursunov hamkorligiyada yaratilgan “O‘zbek adabiy tili tarixi” darsligidan foydalanib kelinmoqda.
Professor Bozorboy O‘rinboyev serqirra olim sifatida o‘zbek tilshunosligining deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib bordi. Olim bugun oramizda bo‘lmasa-da, u yaratgan darslik va qo‘llanmalar, monografiyalar va yuzlab maqolalar talabalar, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda.
Bahora Yunusova,
Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.