Senatorlar Samarqandda bir qator masalalarni o‘rganmoqda
Oliy Majlis yuqori palatasining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi A.To‘ychiyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yaylov va o‘rmon fondlarida ozuqabop ekinlar yetishtirish hamda chorvachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganmoqda.
Ishchi guruh a’zolari “PUREMILKY PRODUCTS” sut yo‘nalishiga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligida bo‘ldi. Ushbu fermer xo‘jaligi sut yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Hozirgi kunda 3600 bosh qoramol boqilmoqda, shundan 1500 bosh sog‘in sigirlar. Ulardan o‘rtacha bir kunlik sog‘iladigan sut 46 tonnadan ziyodni tashkil etadi.

Bu yerda chorva boqish sharoitlari, ozuqa tayyorlash jarayoni va oziqlantirish tizimi, zamonaviy texnologiyalar, sog‘ish uskunalari hamda chorva salomatligini nazorat qilish bo‘yicha amalda qo‘llanilayotgan mexanizmlar kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh tomonidan mas’ullarga chorvachilik mahsulotlari, sut va go‘sht yetishtirish hajmini oshirish, ularni bozorga yetkazish jarayoni, veterinariya xizmatlari bilan hamkorlik, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Bugun viloyat kengashlar uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda Oliy Majlis Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda qo‘mita ishchi guruhi tomonidan viloyatimizda yaylov va o‘rmon fondi yerlaridan oqilona va samarali foydalanish, ozuqabop ekinlar yetishtirish hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Dastlab ishchi guruh tomonidan viloyatda foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini foydalanishga kiritish, aholining yaylovlardan foydalanishi hamda ularda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
– Samarqandda so‘nggi uch yilda qariyb 30 ming gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritilgan, – dedi Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi A.To‘ychiyev. – Joriy yilda barcha toifadagi fermer xo‘jaliklari tomonidan ozuqabop ekinlar ekish uchun 22,3 ming gektar yer ajratilgan. Chorva mollari mahsuldorligini oshirish hamda chorva mollari naslini yaxshilash maqsadida 375,1 ming bosh sigir va qochirish yoshidagi urg‘ochi mollarni sun’iy urug‘lantirish ishlari tashkil etilgan. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash maqsadida kooperatsiya asosida 2023 yilda 7 tumanda sut va go‘sht yo‘nalishidagi qoramollar tarqatilib, 264 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Bundan tashqari, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va sifatini oshirish maqsadida 2024 yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan chet davlatlardan 2,7 ming bosh qoramol, 10,1 ming bosh qo‘y-echki, 1,4 million bosh parranda, 2025 yilning 9 oy davomida 5,1 ming bosh qoramol, 8 ming bosh qo‘y-echki, 1,3 million bosh parranda olib kelingan.
Bu ishlar natijasida 2024 yilda 135,6 million dona tuxum va 6615 tonna tovuq panjalari, 2025 yilning o‘tgan davrida 51,5 million dona inkubatsion, 17,5 million dona iste’mol tuxum hamda 1507 tonna tovuq panjalari eksport qilingan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyatda 688,2 ming gektar yaylov yer maydonlari mavjud bo‘lib, ushbu yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, xaritalari tuzilgan. Shuningdek, degradatsiyaga uchragan maydonlardan 1,4 ming gektariga cho‘l ozuqabop ekinlari ekilgan.
Viloyatda o‘rmon fondi yerlari 65,2 ming gektarni tashkil etadi. 2025 yilda o‘rmon xo‘jaliklarining 2585 gektar maydonida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan va 1,4 ming tonna mahsulot olingan.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi aytildi. Mutaxassislar tomonidan chorvachilik sohasi uchun zarur kuchli ozuqa yem komponentlarining 60-70 foizi chetdan import qilinganligi sababli hududlarda chorvachilik mahsulotlari tannarxi oshib borayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, aholining qoramolchilikdagi ulushi yuqori bo‘lsa-da, ularga ozuqa yetishtirish uchun yetarli darajada yer maydonlari ajratilmayotganligi, chorvachilik tarmog‘i uchun sifatli ozuqabop ekinlar urug‘larini yetishtirib berishda ayrim kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari viloyatda 5 ming gektardan ortiq yaylov yer maydonlari degradatsiyaga uchraganligi hamda yaylovlarning yildan-yilga ozuqa mahsuldorligi pasayib borayotganligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida chorvachilik mahsulotlari, sut va go‘sht yetishtirish va ozuqa ekinlari hajmini oshirish, yerlar degradatsiyaga uchrashining oldini olish hamda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma qaror qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha Kengash tomonidan tizimli nazorat o‘rnatilib, navbatdagi muhokamalarda tahlil qilib borilishi belgilandi.
***
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh esa Jomboy tumanida o‘rganishlarni amalga oshirdi.
Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashining faoliyati, deputatlar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan xonalar, murojaatlar bilan ishlash tizimi o‘rganildi.
Bundan tashqari, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining qarori ijrosi ko‘rib chiqildi. Bandligi ta’minlanmagan bitiruvchilar bilan ishlashni jadallashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh 35-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, ta’lim sifati, o‘quv jarayoniga yaratilgan sharoitlar, fan laboratoriyalari, kompyuter sinflari, kutubxona, sport maydoni va maktab oshxonasining sanitariya holati o‘rganildi.
Shuningdek, o‘qituvchilarning dars jarayonini tashkil etish imkoniyatlari va o‘quvchilarni zarur jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi baholandi. Maktab rahbariyati bilan uchrashuvda ta’lim sifati, davomati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.