Haroratni mo‘tadillashtiruvchi “aqlli” plyonka ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan dunyoda ilk bor issiqxonalar uchun mo‘ljallangan plyonkalar tarkibiga qo‘shiluvchi, haroratni mo‘tadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalar sintez qilindi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Bu nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infraqizil diapazonga aylantiradi. Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi 17-22°S ga teng bo‘ladi. Natijada, tashqi harorat -3…-7 °S bo‘lgan holatda ham, issiqxona ichidagi harorat qo‘shimcha qizdirishsiz +5…+7°S gacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich 0…+2°S bo‘ladi). Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat 5–8°S ga pasayadi.

Infraqizil diapazondagi fotonlar soni ko‘payishi tufayli fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5–2 baravar tez o‘sadi. Shu bilan birga, energiya sarfi 60% dan ortiq kamayadi, hosildorlik 35–50% ga ortadi, sug‘orish uchun suv tejalishi 30% ni tashkil etadi, agar gidrogellar qo‘llanilsa, bu ko‘rsatkich 90% gacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi.

Sinovlar Toshkent, Jizzax, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan.
Hozirgi kunda Shanxay Qishloq xo‘jaligi akademiyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli tuproq-iqlim sharoitida keng ko‘lamli sinovlar olib borilmoqda.
Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan O‘zbekistonda Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarni qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2025 yilda 1 tonna, 2026 yilda esa 10 tonna nano zarrachalar ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2 000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.