6 oylik sarhisob: Qishloq xo‘jaligida qanday natijalarga erishildi?
Samarqand viloyatida joriy yilning birinchi yarim yilida qishloq xo‘jalik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 18,3 trillion so‘mni (104,2 foiz), YaHMdagi ulushi 28,6 foiz, aholi jon boshiga 4,3 million so‘mni tashkil etdi.
Yil yakuniga qadar yana 53,5 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Hozirda sohada 600 mingdan ortiq aholi band va yil boshidan buyon 71,3 mingta ish o‘rni yaratildi.
Har bir sohaning rivojlanishida sarmoya muhim o‘rin tutadi, jumladan qishloq xo‘jaligida ham. Investitsiya dasturi doirasida yil davomida 4,7 trillion so‘mlik 288 ta (shundan 15 tasi xorijiy investitsiya) loyiha amalga oshirilish belgilangan holda yilning birinchi yarmida qiymati 307 milliard so‘mlik 62 ta loyiha amalga oshirildi.
- Bundan tashqari, tuman bo‘limlarimiz bilan birgalikda qiymati 52 million dollar bo‘lgan 27 ta mahalliy va xorijiy investitsiya loyihalari shakllantirildi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Toyir Duvlanov. - Jumladan, Bulung‘ur tumanida “Qiyang international agroinvest” MChJ tomonidan qiymati 5 million dollarlik makkajo‘xori yetishtirish loyihasi doirasida 670 ming dollar o‘zlashtirildi. Yil yakunigacha 4,3 trillion so‘mlik 203 ta loyiha amalga oshiriladi.