Paxta terimida zamonaviy terim mashinalarining hissasi katta bo‘lyapti

Bu yil samarqandlik fermerlar 60 ming gektar paxta maydonidan 261 ming tonna paxta xomashyosi terib olishni rejalashtirgan.

Fermerlar viloyatda yetishtirilgan hosilni terim mashinalari yordamida yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratgan. Ya’ni, mavsum davomida 88 ta zamonaviy paxta terish mashinalari yordamida 157 ming tonna hosil (60 foiz)ni terib olish ko‘zda tutilgan. Bir kunda o‘rtacha 2,8 ming tonna paxta zamonaviy mashinalar yordamida terib olinyapti. Mavsum boshidan buyon 49,6 ming tonna xomashyo mashinalarda yig‘ishtirib olingan.

 - Joriy yilda viloyatimizda yetishtirilgan hosilni 25 oktyabrgacha, ya’ni bir oy muddatda to‘liq terib olish rejalashtirilgan, - deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi shg‘ba boshlig‘i Tohir Duvlanov. - Hosilni qisqa muddatda, uyushqoqlik bilan terib olish uchun tashkil etilgan 720 ta terim otryadlariga 122 ming nafar terimchi biriktirilgan. Terimchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, dalaning o‘zida har kuni issiq ovqat va toza ichimlik suvi tashkil qilingan.

Paxtani to‘liq mexanizatsiya yordamida terib olishga o‘tish maqsadida bu yil 50 dona yuqori unumli zamonaviy paxta terish mashinalari olib kelindi. Xitoyda ishlab chiqarilgan “Boshiran 7419” rusumli mazkur mashinalar to‘rt qatorli bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 50 tonna paxta terish quvvatiga ega. E’tiborlisi, mashinalar yurtimizdagi klaster korxonalari va fermerlarning fikrlari, paxta hosili yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha talablari inobatga olingan holda ishlab chiqarilgan va mamlakatimiz dalalarida sinovdan o‘tkazilgan. Bu ham fermerlarimiz uchun qo‘shimcha daromad, desak to‘g‘ri bo‘ladi. So‘nggi yillarda hosilni inson omilisiz, to‘liq axborotlashtirilgan tizim orqali qabul qilish jarayoniga o‘tilayotgani ham o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, joriy yilda terib olingan paxta hisob-kitobini yuritish to‘liq raqamlashtirildi. “Agrotarozi” va “Hosil qabuli” axborot tizimi yaratildi. Bu hosilning aniq hisob-kitobini yuritishda juda qo‘l kelmoqda. Barchasi shaffof, kunlik va mavsum boshidan topshirilgan paxta miqdori to‘liq ko‘rinib turibdi.

Bugungi kunda viloyatda 36 ta paxta qabul qilish maskanlaridagi 36 ta elektron tarozilar to‘liq “Hosil qabuli” axborot tizimiga ulangan.

Eslatib o‘tamiz, paxtaning qo‘lda terilgan 1 kilogrami uchun 2000 so‘mdan, mashinada terilgani uchun 1372 so‘mdan haq to‘lanishi belgilangan.

Dilmurod To‘xtayev.