Qonunchilikdagi o‘zgarishlar: Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda yangi tartib o‘rnatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 12 sentyabr kuni “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yeridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–172-sonli Farmon imzolandi.
Farmonning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanishni yo‘lga qo‘yish, bo‘sh turgan yerlarni tezkor hisobga olish va ularni onlayn autsionlar orqali realizatsiya qilish, shuningdek, qayta ijaraga berish tartibini soddalashtirishdan iboratdir.
Hujjatga muvofiq, barcha tuman va shahar hokimliklari hududida mavjud bo‘sh yerlar 10 kun muddatda davlat yer kadastrida qayd etiladi va yana 10 kun ichida elektron autsion savdolariga chiqariladi. Autsionlardan tushgan mablag‘lar esa hududiy infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va yangi yerlarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.
Farmon bilan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini qismlarga bo‘lib qayta ijaraga berish huquqi joriy etildi. Endilikda ijara huquqi asosida ajratilgan yerlarning bir qismini boshqa shaxsga ijaraga berish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlariga faqat ijara huquqi tan olinishi qat’iy belgilandi.
Ijara muddati O‘zbekiston fuqarolari va ularning tashkil etgan korxonalari uchun 30 yil, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar uchun esa 25 yil etib belgilandi.