Maromiylik maromiga yetdimi?

Keyingi yillarda to‘ylar, oilaviy tantanalar va ma’raka-marosimlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, isrofgarchilik kabi salbiy holatlar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.

O‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda to‘y va marosimlarda isrofgarchilikka chek qo‘yish, odob-axloq hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida «Maromiylik» loyihasini amalga oshirgan edi. Loyiha yakunlanganiga yarim yildan oshdi. Savol tug‘iladi: «Maromiylik» haqiqatan ham o‘z maqsadiga erishdimi yoki u targ‘ibot bilan cheklanib qoldimi?

Tan olish kerak, ayrim ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, diniy soha vakillari tomonidan marhumlarning ortidan o‘tkaziladigan ayrim isrofgarchilikka asoslangan urf-odatlardan voz kechishga chaqiriqlar kuchaydi. Janozada turli buyumlar tarqatish, har payshanba yoki yakshanba kuni majburiy ravishda is oshi qilish, marhum xotirasini ortiqcha xarajatlar bilan bog‘lash kabi odatlarning diniy asosga ega emasligi keng tushuntirildi. Bu, albatta, quvonarli hol.

Biroq, ayrim joylarda janoza marosimlarida ortiqcha xarajatlar yana ko‘paymoqda. Marhum xotirasi bilan bog‘liq ortiqcha urf-odatlar qaytadan avj olmoqda. Shuningdek, ko‘plab hududlarda to‘y va boshqa marosimlar ham yana avvalgi dabdabaga qaytish alomatlarini namoyon etmoqda. «Odamlar nima deydi?», «Kamchilik qilib qo‘ymaylik», «Obro‘ni saqlash kerak», degan qarashlar ko‘plab oilalarni qarzga botirmoqda.
Bugungi kunda to‘yning mazmunidan ko‘ra uning tashqi ko‘rinishi muhimroq bo‘lib qolayotgandek. Kelin-kuyovning baxti emas, balki necha xil libos almashtirgani muhokama qilinadi. Bir necha soatlik marosim uchun o‘nlab million so‘mlik liboslar, qimmatbaho bezaklar, ortiqcha foto va videoxizmatlarga buyurtma berish odatiy holga aylandi. Natijada bir kunlik hashamat uchun qilingan sarf-xarajatlar ba’zan yosh oilaning bir necha yillik moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, to‘y kortejlari ham alohida muammoga aylanmoqda. O‘nlab, ba’zan undan ham ko‘p yengil avtomobillardan iborat kortejlar ko‘chalarda sun’iy tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa boshqa fuqarolarning harakatlanishiga xalaqit berib, yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng achinarlisi, bu ortiqcha xarajatlarning aksariyati faqat ko‘z-ko‘z qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Dasturning asosiy g‘oyasi ixchamlik, kamtarlik va shukronalik edi. Ammo ayrimlar uchun bu qadriyatlar o‘rniga hanuz raqobat, dabdaba va namoyish ustuvor bo‘lib qolmoqda. Kimdir 300 nafar mehmon chaqirsa, boshqasi 500 nafar chaqirishga intiladi. Kimdir ikki xil osh tortsa, yana biri uch xil taom bilan maqtanishga harakat qiladi. Bu esa maromiylik emas, balki isrofgarchilik musobaqasini eslatadi.

Eng tashvishlisi, bunday holatlar kam ta’minlangan oilalarga ham bosim o‘tkazmoqda. Ular ham «el qatori bo‘lish» uchun kredit yoki qarz olishga majbur bo‘lmoqda. Oqibatda bir kunlik tantana yillar davomida to‘lanadigan qarzga aylanadi. Bu esa oilaviy muammolar, iqtisodiy qiyinchiliklar va hatto ajrimlargacha olib kelishi mumkin.

Maromiylik faqat 90 kunlik aksiya bo‘lib qolgandek tuyuladi. Aslida esa u doimiy hayot tarziga aylanishi lozim. Maromiylikning haqiqiy mezoni kim ko‘proq pul sarflaganida emas, balki kim me’yor bilan, oqilona va shukronalik bilan yashay olganidadir. Jamiyatda insonning qadri to‘yining hashamati yoki kortejidagi avtomobillar soni bilan emas, balki uning ma’naviyati, odobi va oilasidagi totuvlik bilan baholanishi kerak.

Demak, «Maromiylik» dasturi muhim tashabbus bo‘ldi. Biroq uning haqiqiy samarasi targ‘ibot yakunlangan kuni emas, balki odamlarning ongi va kundalik hayotida o‘zgarish yuz berganida namoyon bo‘ladi. Bu ezgu yo‘lda ma’lum ijobiy qadamlar tashlangan bo‘lsa-da, dastur o‘z maqsadiga to‘liq erishdi, deyishga erta. Maromiylik targ‘ibot emas, balki hayot tarziga aylanishi zarur.

Shavkat Ziyodinov.