Dunyoni hayratga solgan sayohatchilar: odatiy qoliplarga sig‘maydigan rekordlar

Dunyo smartfon ekrani darajasigacha kichrayib qolgan, deydi ko‘pchilik. Biz yangiliklar lentasini kuzatib o‘tirgan bir paytda, bir guruh jasurlar inson ruhiyati har qanday shov-shuvli blokbasterdan ham ustunroq kuchga ega ekanligini amalda isbotlab kelmoqdalar.

Masalan, britaniyalik Grem Xyuzni olaylik. 2009 yilda u shunchaki uyidan chiqib ketdi va... deyarli to‘rt yil uyiga qaytmadi. U osmon bo‘ylab biznes-klassda parvoz qilishni yiroqqa surib qo‘yib, biror marta ham samolyotga o‘tirmasdan, dunyodagi barcha mamlakatlarga sayohat qilishga qaror qildi. Bu shunchaki sayohat emas, balki ko‘plab noaniq omillari bor o‘ta murakkab vazifa, qiyin sinov yoki oldindan aytib bo‘lmaydigan sharoitlarni o‘z ichiga olgan jumboq edi.

Uning «Odisseya» nomli ekspeditsiyasi umidsizlik va topqirlikni o‘zida mujassam etgan o‘ziga xos matematik hisob-kitoblar jarayoni edi. Xyuz chirib borayotgan baliqchi kemalaridan tortib, kontrabandachilarning taksilarigacha barcha transport vositalaridan foydalandi. To‘rt yilu, bir oy davomida u ba’zi odamlarning Maldiv orollaridagi ta’til uchun sarflaydigan mablag‘idan ham kamroq, bor-yo‘g‘i 28 000 funt sterling (o‘rtacha 37 ming AQSh dollari) sarflab, dunyo kezdi.

Grem Kabo-Verde va Kongoda qamoqqa tushdi, shuningdek, u ba’zida josus, ba’zan esa telba sifatida qabul qilindi. Shunga qaramay, u oddiy bir haqiqat — katta sarguzasht uchun millionlab mablag‘ talab etilmasligini isbotladi, yo‘l-yo‘lakay o‘tib borayotgan mashinalarda yurib, qat’iyat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 193 ta davlat va dunyoning yana bir qancha boshqa hududlariga borishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z imkoniyatlari chegarasini kengaytirib, rekordlar o‘rnatadigan va shu jarayonda boshqalarning hayotini o‘zgartiradigan insonlar ham yo‘q emas. Navbatdagi qahramonlar, gonkonglik uch kishidan iborat guruhga oddiy tijorat reyslaridan foydalangan holda yer sharini aylanib chiqish uchun qo‘shni shaharga poyezdda ketadigan vaqtdan ham qisqaroq  44 soat, 33 daqiqa, 39 soniya vaqt kerak bo‘ldi.

Bu muvaffaqiyat ortida logistikaning o‘ta shiddatli va murakkab mo‘ljali yotardi. Dohadagi to‘xtab o‘tish (tranzit) uchun ularda bor-yo‘g‘i 45 daqiqa vaqt bor edi, biroq ular bu vaqtdan ham unumli foydalandi.

Agar bir muhim jihat bo‘lmaganida, bu shunchaki “shartni bajarish” uchun qilingan navbatdagi shoshilinch harakatdek ko‘rinishi mumkin edi.
Gap shundaki, jamoa a’zolaridan biri Yip Cham-Xay nogironlik aravachasida harakatlanardi. Guruh shunchaki vaqt bilan bellashmadi, yigitlar aviakompaniyalar va butun dunyoga qulaylik yuqori tezlikka ega bo‘la olishini namoyish etdi. Ularning tor salonlar yoki nogironlikka oid mavjud qoliplar (stereotiplar) bilan mutlaqo hisoblashishga vaqti yo‘q edi.

Endi rossiyalik sayohatchi Fyodor Konyuxovga bir nazar tashlang. Biz shunchaki “charchoq”dan noliyotgan bir paytda, u 68 yoshida Janubiy okean bo‘ylab yolg‘iz o‘zi qayiqda suzib, 11 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Konyuxov uchun “imkonsiz”  degan so‘z shunchaki harflar yig‘indisidan boshqa narsa emas.

Yaqinda Antarktida ekspeditsiyasini yakunlagan 74 yoshli yozuvchi, rassom va  sayohatchi Tinch okeani bo‘ylab yangi safarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yosh masalasiga kelsak, tebranma kursida o‘tirish zerikarli deb hisoblagan amerikalik 85 yoshli Robert Sanders Kaliforniyadan Floridagacha bo‘lgan masofani velosipedda bosib o‘tishga qaror qildi. U 44 kunda 4800 kilometr yo‘lni bosib o‘tdi – bu esa rasmiy Ginnes rekordidir.

***

Siz “Menda buning uchun na pul, na sog‘liq va na vaqt bor”, deyishingiz mumkin. Ammo haqiqat shundaki, bu insonlarning hech birida ham bu narsalar yetarli darajada bo‘lmagan. Xyuz kredit olgan, Konyuxov havo sharida qilgan sayohatlaridan biridagi 10 kilometr balandlikda ballonli kisloroddan nafas olgan. Ularning barchasini birlashtirib turadigan yagona jihat — bu “o‘sha yerga bo‘lish”ga bo‘lgan kuchli istak va tong otishi bilan o‘rindan turib, hatto qayig‘ingiz ustidan ulkan to‘lqinlar o‘tib ketayotgan bo‘lsa ham harakatni davom ettirish kerakligiga bo‘lgan qat’iy ishonchdir.

Aytingchi, bugun sizga o‘z qulaylik hududingizdan tashqariga chiqishga nima xalaqit beryapti?

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.