Ma’naviy saviya nima bilan o‘lchanadi?

Sezyapsizmi, bizda bir epidemiya tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarga kirsangiz go‘yo hamma bloger, kimdir maslahat bergan, kimdir aql o‘rgatgan va yana birovlar tavsiyalar bermoqda.

Mayli, maslahat-u nasihatlar kerak, ammo yozilmagan qonunlarimizga ko‘ra, hayotda oshkor qilinmaydigan narsalar ham bor. Buni ayrim blogerlar tushunmayapti. Masalan, yaqinda dugonamning qizi onasiga: “Siz meni aldagan ekansiz, bola qanday tug‘ilishini internetdan ko‘rdim”, debdi. Dugonam surishtirsa, yoshlar orasida taniqli bo‘lgan bloger ayol o‘zining tug‘ish jarayonini batafsil gapirib, instagramga joylagan ekan. Xullas, balog‘at yoshidagi qiz turmushga chiqishni va farzand ko‘rishni istamay qolibdi.

Avvallari ayollar homilador bo‘lsa, otasining uyiga borishga uyalar ekan. Farzand tug‘ilguncha mehmonga bormas ekan. Bugun esa ayrim sharm-hayosiz ayollar butun olamga qanday qilib farzandini dunyoga keltirganini aytib beryapti.

To‘g‘risi, bunday bachkana blogerlarni kuzatmayman. Sababi, ijtimoiy tarmoqlarda har kim o‘z didi va dunyoqarashiga mos narsani o‘qiydi, ko‘radi, kuzatadi. Dugonamning xavotiridan so‘ng, videoning linkini oldim. Bloger ayolning ushbu postiga men kirgunimga qadar 403 mingta kuzatuvchi layk bosgan, 11600 nafar kishi fikr bildirgan ekan. Nima ham derdik, shuncha kishi bloger ayolning postiga qiziqish bildirgan ekan, demak, bu bizni ogohlikka chorlashi kerak.  

Bugun ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda bachkana qiliqlar, tuturuqsiz gaplar bilan mashhur bo‘lishga urinmoqda. Ayrim blogerlar obunachilari soni bilan maqtanib, yuqoridagi bloger singari har narsani gapirib chiqyapti. Ijtimoiy tarmoqlar ba’zilarni elga tanitayotgani rost, lekin tanilish obro‘li bo‘lish degani emas. Aksincha, ba’zilarning obro‘sini to‘kayapti. Faqat buni ular tushunib yetmayapti.

Bir paytlar mashhur qo‘shiqchilardan biri “Odamlar mendan yengil, to‘ybop qo‘shiqlar so‘rashyapti. Shuning uchun ijodimni oson ijro etiladigan, yengil qo‘shiqlar yaratishga qaratyapman”, degandi. Hozir shu qo‘shiqchini hech kim eshitmay qo‘ydi. Balki ayrim blogerlar mashhur qo‘shiqchi singari odamlarga yoqish uchun yengil-yelpi postlar tayyorlayotgandir?

Qachon o‘zgaramiz?
Keyingi paytlarda vaqtning qadriga yetmay qo‘ydik, go‘yoki vaqt bizdan o‘zib ketmoqda. Kishilar hech narsaga ulgurolmay qolayotganidan noliydi. Lekin o‘ylab qaralsa, odamlarning ko‘p vaqti to‘y-tomosha, turli marosimlarga sarflanmoqda. To‘ylar haqida ko‘p yozdik, muhokama qildik, ammo odamlarda o‘zgarish juda kamligini ko‘rmoqdamiz. Ba’zi tushungan odamlar farzandining to‘yini qisqaroq o‘tkazishni rejalashtiryapti, ammo ikkinchi tomonning noroziligi bilan yana dabdabali to‘y qilishga majbur bo‘lmoqda.

Yaqinda bir tanishim aytib qoldi: “O‘g‘limni uylantirmoqchi edim, kelin tomonga sovchilikka borib, kichikroq to‘y qilmoqchi ekanimni aytgandim, qizning otasi ko‘nmadi. Nima emish, hamma ustidan kularmish, oliy ma’lumotli qizingni tekinga berdingmi, dermish”. Xullas, tanishimning boshi qotib qolgan. O‘zgarishni o‘zimizdan boshlamasak, kim to‘y va marosimlarni qisqartiradi? Odamlar ongli ravishda dabdabalardan voz kechishi kerak emasmi, deydi u kuyunib.

Tunni bedor o‘tkazayotganlar
Haqiqatda odamlarda ma’naviy saviya pasaya boshlasa, allambalo tadbirlarni o‘ylab topadi. To‘ylar tugul bugun tug‘ilgan kunlar ham bachkanalashib bormoqda. Masalan, keyingi paytlarda yaqinlari tug‘ilgan kun sohibini yarim kechasi tabriklashni odat qildi. Bahor fasli edi.
- Kecha singlimning tug‘ilgan kuni bo‘ldi, ertalabgacha uxlamadik, - dedi qo‘shni bola maktabga ketarkan.
- Uxlamagan bo‘lsang, darsda qanday o‘tirasan? – dedim unga.
Bola esa beparvo yelka qisib qo‘ydi.
- Ammo tug‘ilgan kun zo‘r bo‘ldi-da, - dedi u zavqlanib.
Bolaning gapidan o‘yga toldim. Xo‘sh, bugun qancha xonadonda tug‘ilgan kun sabab bolalar maktabga uxlamasdan boryapti? Bundan kimga foyda? Nahotki, ayrim ota-onalar tug‘ilgan kunni nishonlaymiz deb bolalarini ertalabgacha uxlatmasdan olib o‘tirsa? Mana, vaqtim yo‘q deydigan odamlar aslida vaqtini nimalarga sarflab yuboryapti. Bolalarini tundan tonggacha ulanadigan ziyofatga o‘rgatayotgan ota-onalar ertaga ulardan nima kutadi?

Vaqtning jilovidan ushlaganlar
Yaqinda Aziza Qo‘ldosheva ismli olima ayol bilan suhbatlashib qoldim. U Xitoyda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlabdi. Ilmiy ishini yozish uchun har kuni bir xil hayot tarzini boshidan kechiribdi. Ertalabdan kechgacha laboratoriyada tadqiqot o‘tkazibdi. To‘y-marosimlar mensiz qanday o‘tadi, demabdi, restoranlarda yurmabdi, vaqtini internetga sarflamabdi. Orada kovid pandemiyasi boshlanib qolsa ham, ikki yildan keyin yana borib, ilmiy ishini davom ettiribdi. Natijada diplom bilan O‘zbekistonga qaytibdi, unga eng oliy ilmiy daraja – texnologiya fanlari bo‘yicha doktorlik darajasi berilibdi.
Bundan ikki yil oldin Xitoyda saraton hujayralarini o‘ldiradigan birikmalarni sintez qilib, yuqori natijalarga erishgan samarqandlik olim, professor Xurshid Bozorovdan intervyu olgandim. U ham Xitoy laboratoriyalarida ertalabki sakkizdan kechki sakkizgacha ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanganini aytgan edi.
Bu olimlar biz bilan yonma-yon yashayapti, biz olayotgan havodan nafas olyapti. Ammo ular bizdek vaqtini va pulini havoga sovurmayapti. Ularni zamonamiz qahramonlari deyishimiz mumkin. Mana shunday vaqtning jilovidan ushlaganlargina hayotda ko‘zlagan maqsadlariga erisha oladi. “Vaqt bizning eng arzon va ayni vaqtda eng qimmatbaho mulkimizdir, chunki vaqt tufayli biz hamma narsaga erishamiz”, degan ekan Ya.Raynis.

Ruhiy quvvat olyapmizmi?
Inson ma’naviyati ilm, ma’rifat bilan kamolotga yetadi. Umrimizni, kundalik hayotimizni nimaga sarflayotganimizga e’tibor beraylik. Bir kunda uch mahal ovqatlanishni kanda qilmaymiz, ya’ni tanamizni yaxshi parvarish qilamiz. Ammo ruhimizga ma’naviy quvvat beryapmizmi? Bir kunda loaqal 10 bet kitob o‘qiyapmizmi?
Yer yuzidagi barcha jonivorlar ichida eng mukarrami inson bo‘lib yaraldik, inson bo‘lib yashayapmizmi? Birovning dilini og‘ritmayapmizmi, birovning haqiga xiyonat qilmayapmizmi? Birovni aldab, birovga choh qazimayapmizmi?
Hayotimizni savobli amallarga, ezgu ishlarga sarflayapmizmi? Ma’naviy saviya yuqori mansabda o‘tirish, baland uylar qurish, dang‘illama to‘ylar qilish bilan o‘lchanmaydi. Ma’naviy saviya odam, ya’ni Allohning quli bo‘lib tug‘ilganingni anglashdir.

Xurshida Ernazarova.