Anomal issiq va sog‘liq: qanday yashaymiz?

Anomal issiq - bu ma’lum bir hudud uchun o‘rtacha ko‘p yillik issiqlik ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan, odatdagidan tashqari darajadagi yuqori harorat. Bu faqat bir necha kun davom etgan juda issiq ob-havo emas, balki ma’lum bir mavsum yoki oy uchun statistik me’yordan keskin oshib ketgan haroratdir. Masalan, Samarqand viloyatida agar iyul oyida o‘rtacha harorat oxirgi 10 yil ichida +30°C atrofida kuzatilgan bo‘lsa, anomal issiqda u +40…+41°C va undan ham yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Anomal issiq sharoitida sog‘liqqa e’tibor berish kerak. Bugungi mavzumiz shu haqda.
 
Anomal issiqning organizmga ta’siri
·  Terlash kuchayadi - organizm sovishga harakat qiladi. Ko‘p ter bilan suv va elektrolitlar (natriy, kaliy, xlor) yo‘qoladi.
·  Suvsizlanish kelib chiqadi - agar organizmdagi suv zaxirasi to‘ldirilmasa, qon quyuqlashadi, bosim pasayadi, bosh aylanishi va holsizlik yuzaga keladi.
·  Quyosh urishi kuzatiladi - termoregulyasiya buzilib, tana harorati 40°C dan oshganda hayot uchun xavfli holat yuz beradi.
·  Qon tomirlari kengayadi - issiqlikni tashqariga chiqarish uchun qon tomirlar kengaydi. Bu esa qon bosimini pasaytiradi.
·  Yurak tez-tez uradi - tomirlardagi qon hajmining kamayishining o‘rnini bosish uchun yurak urishi tezlashadi.
·  Qon quyuqlashib, tromb hosil bo‘lish xavfi oshadi.
·  Issiq va quruq havo nafas yo‘llari shilliq qavatini quritadi. Bu esa astma, bronxit va allergiyasi borlarda kasallik kuchayishiga olib keladi.
·  Issiq havoda ozon va boshqa zararli moddalar konsentratsiyasi oshishi mumkin.
·  Bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi - bosh og‘rig‘i, diqqatni yo‘qotish, asabiylashish, uyqusizlik kuzatiladi.
·  Og‘ir holatlarda gallyusinatsiya, hushini yo‘qotish va koma holati rivojlanishi mumkin.
·  Saratonda organizm suvsizlanishi bois, buyraklarga zo‘riqish tushadi. Siydik miqdori kamayadi, organizmdan toksinlar chiqishi sekinlashadi.  Buyrak toshi paydo bo‘lish xavfi oshadi.
·  Terida toshmalar issiqda ter bezlari tiqilishidan kelib chiqadi.
·  Ter orqali ko‘p tuz yo‘qolishi terining suvsizlanishiga va yorilishiga sabab bo‘ladi.
·  Charchoq, bosh aylanishi, mushak spazmi, ko‘ngil aynishi, qusish kelib chiqadi.
 
Anomal issiq kimlar uchun xavf tug‘diradi?
·  Yosh bolalar va chaqaloqlar - ularda tana haroratini nazorat qiluvchi markaz rivojlanmagan.
·  Keksalar (65 yoshdan oshganlar) - qon tomirlarning elastikligi past, ularning organizmida suv zaxirasi kam bo‘ladi.
·  Surunkali kasalliklari bor insonlar (arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma, qandli diabet).
·  Asosan quyosh ostida ko‘p vaqt o‘tkazadigan ishchilar (kurilishda ishlaydigan ishchilar, fermerlar, haydovchilar, bozor xodimlari).
 
Anomal issiqda tavsiyalar
65 yoshdan oshgan keksalar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklari (yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak va boshqalar) bor bemorlar issiqlik ta’siriga nisbatan ayniqsa zaif hisoblanadi. Xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarga ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishlari tavsiya etiladi.
·  Chanqashni kutmasdan, kun davomida oz-ozdan va tez-tez suv ichish lozim. Katta yoshli sog‘lom insonlar uchun kuniga 2-3 litr suv tavsiya etiladi.
·  Yengil, keng, havo o‘tkazuvchan va och rangli kiyimlar kiyish, kunning eng issiq vaqtida (11:00-17:00) ochiq havoda bo‘lmaslik tavsiya qilinadi.
·  Taomnomangizda asosan meva, sabzavot, sovuq ovqatlar (masalan, okroshka) bo‘lishi tavsiya etiladi. Og‘ir, yog‘li va sho‘r taomlardan saqlaning.
·  Agar ko‘p terlasangiz, mineral suv yoki shunga o‘xshash eritmalar ichish lozim.
 
Qaysi hollarda shifokorga murojaat qilish kerak?
·  Tana harorati 39,5°C dan yuqori va uyidagi choralar bilan tushmasa;
·  Hushni yo‘qotsa;
·  Nafas olish qiyinlashsa, ko‘krak sohasida og‘riq kuzatilsa;
·  Qusish, kuchli bosh og‘rig‘i va bo‘yinning muzlab qolishi aniqlansa;
·  Teri qurib, qizargan bo‘lsa - bu issiqlik urishining belgisi hisoblanadi.
 
Anomal issiqda jazirama havoni yumshatish yo‘llari
·  Ko‘chalarni suv bilan tozalash: Maxsus texnikalar yordamida markaziy ko‘chalar, yo‘laklar va yashil hududlarga muntazam ravishda suv sepilmoqda. Bu chang miqdorini kamaytiradi va havoni biroz salqinlashtiradi.

·  Ko‘kalamzorlarni parvarishlash: Maysazorlar, gulzorlar va daraxtlarni sug‘orish ishlari kuchaytiriladi.
·  Favvoralarni ishga tushirish: issiq havoda favvoralarni sutka davomida uzluksiz ishlatish havoni namlantirishga yordam beradi.
Anomal issiqlik - favqulodda tabiat hodisasi bo‘lib, u nafaqat sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazadi, balki hayot uchun xavf tug‘diradi. Jazirama issiqda o‘zingizni va atrofingizdagilarni asrang!

Zebo KARAMATULLAYeVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi assistenti tayyorladi.