Anomal issiqda “Tez yordam” xizmatiga murojaat ko‘paydi

O‘zbekistonga Eron hududlaridan issiq va quruq havo oqimi kirib kelishi natijasida 17 iyuldan boshlab yurtimizda yuqori harorat kuzatilmoqda.

Soha mutaxassislari ushbu jazirama hafta davomida saqlanib qolishi, xususan, 21-23 iyul kunlari mamlakatimizda kunduzi harorat 43-45 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa 47 darajagacha ko‘tarilishini taxmin qilyapti.

Albatta, bunday noqulay iqlim, eng avvalo, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, yurtimizda anomal issiq boshlangan 17 iyuldan bugun, 20 iyul soat 06:00 ga qadar Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 130 ming 115 ta chaqiriq kelib tushgan.

Murojaatchilarning 23 ming 421 nafarini qon bosimi ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar tashkil etdi. Ularning 4215 nafari esa gospitalizatsiya qilindi.

Shu o‘rinda aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslik, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishni tavsiya etilgan.