Yurtimizda keyingi o‘n kunda anomal issiq hukm suradi

Iyul oyining birinchi kunidan boshlab yurtimizga issiq havo oqimi kirib keldi. “O‘zgidromet” markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayon iyul oyining birinchi yarmigacha davom etib, hududlarda ob-havo harorati o‘ta keskin, ya’ni +45 daraja va undan yuqori ko‘tarilishi kutilmoqda.

Bunday favqulodda vaziyatda hukumat aholi salomatligini himoya qilish, havo haroratining keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni belgiladi.

Unga ko‘ra, keskin issiq havodan yaxshi himoyalanish, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish, zarurat bo‘lmagan hollarda uydan tashqarida yurmaslik, ayniqsa, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalarni himoyalash talab etiladi.

Aholi gavjum joylarda, jumladan, bozorlar, sayilgohlar, ko‘ngilochar maskanlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vaqtinchalik tibbiyot punktlarini tashkil etish lozim.

Umumiy ovqatlanish korxonalarida taom tayyorlash va saqlash, bozorlarda va oziq-ovqat mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchi savdo shoxobchalarida mahsulotlarni tashish va saqlash qoidalariga qat’iy rioya etish, issiq harorat tufayli buzilgan yeguliklardan aholining ommaviy zaharlanishining oldini olish talab etiladi.

Daryo va ko‘llar, aholi dam olish maskanlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, buning uchun favqulodda vaziyatlar idoralari kuch va imkoniyatlarini to‘liq safarbar etishi lozim.

Shuningdek, issiq harorat dehqonchilik ishlariga ham ta’sir qilishi kutilmoqda. Shuning uchun qishloq xo‘jaligida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar, dehqonlar va olimlarni jalb qilib, ekinlar va yaratilgan hosilni saqlab qolish choralarini ko‘rish talab etiladi. Bunda, eng avvalo, kunning issiq vaqtida ishchilar, suvchilar va mexanizatorlarga dam olishlari uchun dalaning o‘zida barcha shart-sharoitlarni yaratish, ularning ertalab va kechki soatlardagina dalada ishlashini tashkil etish zarur.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvchilar sonini oshirish hamda suvni navbatlash tizimiga qat’iy rioya etgan holda “sharbat usuli”da, shu bilan birga faqat tunda sug‘orishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Noodatiy issiq havo oqibatida kuchli yomg‘ir yog‘ish ehtimoli ham mavjud. Shundan kelib chiqib, joylarda sel toshqinlari xavfi, shuningdek, yong‘inlarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni amalga oshirishni kuchaytirish ham keyingi 10-12 kunning asosiy e’tibor qaratadigan dolzarb yumushi bo‘lishi shart.