Dasturxon

Aka boy-badavlat edi. Ota-onasiga  vaqti-vaqti bilan sovg‘alar ilinib turar, ukasining qo‘lida yashayotgan padari va volidasining dori-darmonidan xabar olardi.

Keksalarga yaxshi ovqat kerak, parvarish kerak. Aka hadeb yo‘qlashdan charchadimi, ota-onasini uyiga olib ketadigan bo‘ldi. Ukaning yurak-bag‘ri ezilib qoldi, ammo nachora, qo‘li kaltalik qursin.

Qariyalar katta o‘g‘ilning uyida bekam-u ko‘st yashadilar, vaqti soati yetib vafot etganda ham so‘nggi manzilga akaning uyidan kuzatildi.

Bu paytga kelib ukaning ham ishlari yurishib qoldi. Uy-joyini epaqaga keltirdi, dasturxoni ham to‘kin bo‘lib qoldi, ammo endi ota-onasi yo‘q...

Bir kuni aka kazo-kazo mehmonlar orasida mamnuniyat bilan so‘z qotdi.

— Yaxshiyam ota-onamning xizmatlarini qilib qolgan ekanman, armon bo‘lib qolmadi.

Uka boshini egdi. Qo‘li kaltalik qursin.

Yillar yillarni quvib o‘taverdi.

Aka ham keksayib qoldi. Katta o‘g‘li begona yurtlarga dom-daraksiz ketdi, kichik kelini ayoli bilan chiqisha olmay erini uydan olib chiqib ketdi. Mana, ota-onasidan xabar olmaganiga ham bir oy bo‘ldi.

"Men ota-onamni parvarish qildim-ku, nega bolalarimdan qaytmadi!". Oxirgi paytlar shuni ko‘p o‘ylay boshladi.

Ukasining bolalari mo‘min-qobil bo‘ldi. Oyoqqa turib olgan inisi hozir elning oldi.

Ayoli inqillab, gapirib-gapirib oldiga ovqat qo‘ydi.

— Kelin olib yolchimadim. Haliyam  xizmatkorman. O‘zim sog‘ bo‘lsam ham mayli edi...

Eri ko‘p gap  aytgisi keldi; bir mahallar bu uyda xizmatkorlar ishlaganini, yoshligida sayr-u sayohatlarga olib borganini... Ha, mayli, mol-davlat ham qo‘lning kiri ekan, bugun senda, ertaga boshqa birovda. Bu dunyo kimga vafo qilibdiki...

Kampirining jag‘i tinay demasdi. Ovqat ham zahar bo‘ldi. O‘rnidan turib, ustiga kamzulini ildi-yu, eshikka yo‘l oldi. Negadir ukasi bilan gaplashgisi keldi.

Ota-onasidan qolgan fayzli uylar keyingi paytlarda ta’mirdan chiqib zamonaviy tus olgan. Qo‘sh kelinlar hovlida xizmat qilib yurardi. Ularning salomiga alik olarkan, ichkaridan tanish ovozni eshitgan ukasi chiqdi. Quchoqlashib ko‘rishdilar. Choy damlab kelgan kelinlar ham, ukasining ayoli ham jigarlarni yolg‘iz qo‘ydilar.

— Hech ota-onamizni tush ko‘rasanmi?

— Ha,— dedi uka sekin gap boshlab.

— Ko‘p ko‘raman, Qur’on hatm qilib yakunlasam, Ramazon oylarida ertalabgacha duo qilib, istig‘for aytib ularning ruhida baxshida qilsam...

— Men esa sira ko‘rmayman...

Ancha o‘tirdilar. Ota-onalarini, bolaliklarini xotirladilar.

Aka xazonlarni bir-bir bosib ortga qaytarkan o‘zi uchun qachonlardan beri qidirayotgan bir haqiqatni topgan edi. O‘shanda ota-onasi uning uyida yashashni istamagan, o‘z uyida o‘tirishni, so‘nggi yo‘lga ham o‘z uyidan chiqishni istagandi. U esa qaysarlik bilan ularni uyda tutib turardi. Bir safar otasi yalinchoq ohangda:

— O‘g‘lim,  o‘z uyimga olib bor, — dedi.

— U yerda nima yeb-ichasizlar? Qanday yashayotganingizni ko‘rdim-ku! Issiq uy, tayyor ovqat, o‘tiravermaysizlarmi?

Chol  indamadi, keyin jur’atsiz ohangda qo‘shib qo‘ydi:

— Bizni uyimizga olib borib, o‘zing xabar olib tursang bo‘lmaydimi? "Osh-ovqat, dori darmonimizni ham uyimizga olib borib ber", demoqchi bo‘ldi, ammo aytolmadi.

"O‘shanda ota-onamni qiynab qo‘ygan ekanman. Ularga yaxshilik qilyapman deb o‘ylaganman, o‘zimcha".

Uyga kirdi-yu, tahorat oldi, keyin joynamozini ko‘tarib, xonasiga kirdi...

Tongga yaqin ko‘zi ilinibdi.

Yuragi gupillab o‘tirar ekan, ko‘rgan tushini eslashga harakat qildi.

"O‘g‘lim, yuborgan dasturxoning keldi, berib yuborgan ko‘rpang ham issiqqina ekan, rahmat!".

Aka ko‘z yoshlari quyilib kelarkan ukasining muvaffaqiyati sababini topgandek bo‘ldi...

Feruza Salxodjayeva.