«Yangi O‘zbekiston»: Qurilishlar nega ortda qolyapti?
Urgutning yaqin kelajakdagi yuzi bo‘lishi kutilayotgan tumandagi «Yangi O‘zbekiston» massivida 2022-2026 yillarda qariyb 40 gektar maydonda 58 ta ko‘p qavatli uy-joy, ijtimoiy soha ob’yektlari va boshqa inshootlar qurilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda 831 ta xonadonli 14 ta ko‘p qavatli uy qurib foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo o‘tgan yillarda qurilishi kech qolgan yoki sust ishlagan qurilish korxonalari tomonidan massivdagi 2361 ta xonadonli 38 ta turar joyda ishlar davom ettirilmoqda. Hozirgacha 204 xonadonli 3 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, tez orada yana bitta 9 qavatli uy-joyga aholi ko‘chib kiradi.
Massivda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning tashqi qismiga bazalt tolali qoplamalar yopishtirilib, tomiga o‘rtacha 20-25 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega quyosh panellari, bittadan quyosh kollektori o‘rnatilmoqda.
Ma’lumotlarda barcha bunyodkorlik ishlari rejadagidek ketayotgani ko‘rinadi. Xo‘sh, aslida-chi?
Bugungi kunda barchaning diqqat-e’tibori bunyod etilayotgan massivlarga qaratilgan bir vaqtda, ularning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmayotganini sababi nimada? Kamiga tayyor, yashash mumkin deb ko‘rsatilgan xonadonlarda kadastr hujjatlarining yo‘qligi, oddiy sanitariya-gigiyena sharoitlarning yo‘qligi aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotganini nima bilan izohlash mumkin?
To‘g‘ri, ikki yildan buyon tenderda g‘olib bo‘lib, uy-joy qurishni zimmasiga olgan ayrim qurilish korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinib, ob’yektlar boshqa quruvchilarga berilgani ham sabablardan biri bo‘lishi mumkin.

- Massivda 2 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi, davlat va xususiy poliklinikalar quriladi, - deydi «Afrosiyob-Maroqand» boshqaruv servis kompaniyasi boshlig‘i Aziz Jamolov. - Hozirda bittadan maktab va bog‘cha foydalanishga topshirilgan. Bundan tashqari, maishiy xizmat ob’yektlari, savdo markazi, hammom, ekobozor quriladi. Foydalanishga topshirilgan 18 ta ko‘p qavatli uylarda to‘liq kommunikatsiya tizimlari yaratilgan. Massivda birinchi bosqichda foydalanishga topshirilgan uylar alohida isitish tizimiga ulangan bo‘lsa, bosh rejaga o‘zgartirish kiritilib, keyingi yillarda qurilayotgan uylarda isitish tizimi joriy etiladi.
Ayni vaqtda 16 ta ko‘p qavatli uy va 1 ta umumta’lim maktab markazlashgan holda isitilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiqlik tarqatuvchi punktlar (ITP)ga quvvati kam bo‘lgan motorlar o‘rnatilgani sababli xonadonlardagi isitish radiatorlariga suv yetkazib berilmagan. Ayrim uylarda esa 6-qavatdagi xonadonlargacha isitilgan, xolos. Shuningdek, o‘tgan yili faqatgina 3 ta ko‘p qavatli uy-joylarning suv uzatish moslamasi ishlagan bo‘lsa, bu yil ularga 3 ta qo‘shildi. Bu esa yetarli bo‘lmadi.
- Ayni vaqtda 16 ta ko‘p qavatli uyga 9 ta issiqlik tarqatuvchi punkt o‘rnatilgan, - deydi «Issiqlik ta’minoti» MChJ tuman bo‘limi boshlig‘i Albert Xoliqov. – Ammo issiq suv uzatish muammo bo‘lyapti. O‘tgan yili quruvchilar tomonidan 9 ta uyning ITPlari noto‘g‘ri o‘rnatilgani sababli uylarga issiqlik yetib bormagan. Shuningdek, bitta qozonxonada yetarlicha tabiiy gaz ta’minoti berilmaganligi tufayli mazkur ob’yekt ko‘ngildagidek ishlatilmadi. Markaziy qozonxonaga ulanishi lozim bo‘lgan bir nechta uyda yashovchilar esa noqonuniy tarzda gaz quvurlari tortib, ikki konturli pechlardan foydalanishgan.
Yana bir gap. Quruvchilar tomonidan bir qator uylarning kadastr hujjatlari qilinmagan. Biroq mazkur xonadonlarda aholi yashamoqda. Masalan, «Qurilishinvest» MChJ tomonidan qurilgan 4 ta ko‘p qavatli uygi 80 ta xonadonga kadastr hujjatlari berilmagan. Massivning qurilish ishlari tugallangan qismida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘ngildagidek emas. Ayrim ko‘cha va yo‘llar ensiz asfalt qilinganidan qarama-qarshi kelgan mashinalarning biri to‘xtab turishiga to‘g‘ri keladi.

- Uyning foydalanishga topshirilganiga 2-3 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha kadastr hujjati yo‘q, - deydi B.Boboyorov. – Oqova suv, elektr energiyasi, toza suv va boshqa tarmoqlar me’yorida ishlaydi. Issiqlik tizimi yo‘qligidan ikki konturli pechdan foydalanamiz. Eng qizig‘i, quruvchilar birorta xonadonga dudbo‘ron o‘rnatmay ketishgan. Xonalarimiz shiftlari namlik yuqoriligidan mog‘orlab ketgan. Quruvchilar hatto yerto‘laning shamollatish tizimini ham noto‘g‘ri o‘rnatgan shekilli, doim oqova suvga to‘la bo‘ladi. Shundan namlik yuqori qavatlargacha ko‘tarilib bormoqda.
Uylarga raqamlar berilmagan, aholi qaysi uy va xonadonda yashashini aytib berolmaydi. Yo‘l chetidagi kanalizatsiya quduqlarining qopqoqlari yo‘qligidan turli maishiy chiqindilar bilan to‘lgan.
«Yangi O‘zbekiston»ning asosiy muammolaridan biri – O‘ramas mahallasida bunyod etilayotgan, bugungi kunda «tuya go‘shti yegan» zamonaviy oqova tozalash inshooti qurilishi kechga qolayotganidir. Shu paytgacha tumanning Mirzaqishloq mahallasida joylashgan bir kunda 1 ming kub hajmdagi oqovani tozalovchi inshooti 18 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi aholiga xizmat qilib kelgan. Uning chala tozalangan suvi esa Yangiariq kanaliga tashlangan. Endi uylar soni 52 taga yetkazilib, tizimdan foydalanuvchilar soni ko‘paygan sari mazkur inshootni kuchi yetmay qolyapti. Shu sababdan 3 yil ilgari 9 kilometr uzoqlikdagi O‘ramas mahallasi hududidagi 3.30 gektar maydonda zamonaviy suvoqova tozalash inshooti qurilishi boshlangandi. Qurilish ishlari «Ishonch-injiniring» MChJ tomonidan olib borilib, dastlab loyiha qiymati 46 milliard so‘m bo‘lgan edi. Endi quruvchilar loyihada o‘zgarishlar qilgach, ishlarni to‘liq yakunlash uchun yana 16 milliard so‘m zarur.

- Agar mazkur inshoot ishga tushirilsa, viloyatda yagona bo‘ladi, - deydi “Samarqand suv ta’minot” AJ Urgut tumani bo‘limi mutaxassisi Yashin Qarshiyev. – Oltita yopiq tozalash hovuziga o‘rnatilgan uskunalar yordamida kuniga 10 ming kub hajmdagi suvni tozalash imkoniyati bor. Ayni vaqtda Mirzaqishloqdagi kichik inshootdan bu yergacha qariyb 11,8 kilometr masofaga yerosti oqova tarmog‘i tortib kelindi.
Biroq, inshoot joriy yilning may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, hozirgacha 70-75 foiz ishlar bajarilgan. Turli sabablar bilan belgilangan muddatdan ham 7 oy o‘tib ketibdi. Xorijdan kelishi lozim bo‘lgan yirik qozonlari hali kelgani yo‘q.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.