Urgutga poyezd bilan shiddat ham kirib boryapti

“Urgut o‘ziga xos bir mamlakat, uning o‘z qoidalari bor”, deb hazil qilishadi turli hudud kishilari bu manzil haqida gapira turib. “Mars”ga amerikaliklar ilk kosmos uchirganda borib qarashsaki, urgutliklar o‘sha yerda tarvuz sotib o‘tirganmish...”.

Albatta, hazil, latifalar o‘z yo‘liga. Ammo urgutliklar azal-azaldan tadbirkorligi, ishbilarmonligi bilan el og‘ziga tushgan. Hatto sobiq tuzumdayam, xususiy savdo-sotiq bilan shug‘ullanish qat’iyan man etilgan yillarda ham nimadir sotib, nimadir yasagan. Endilikda tadbirkorlarga katta imkoniyatlar berilganda bu hududdan viloyat, respublikaga taniqli tadbirkorlar yetishib chiqdi.

Tadbirkorlar-ku mayli, ammo ilm, ziyoli insonlar orasida ham urgutlik insonlar juda ko‘p. Maqolani bir qaraganda go‘yoki mahalliychilik ruhi bilan yozishimga sabab bor. Chunki bu hududning o‘ziga xosligi hozircha yetarli foydalanilmayotgan noyob tabiati, tarixiy maskanlaridan ko‘ra inson resurslarida ko‘proq ifodalanadi. Bu fenomenni o‘rganish, kerak bo‘lsa undan o‘rnak olish juda muhim.

Aynan mana shu hududga shu kunlarda ilk bor poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Aholisi jihatidan eng katta tuman sanalgan Urgut ahli temiryo‘l transportini uzoq kutgani rost. Aholini Samarqand shahri bilan bog‘lash bilan bir qatorda bu yerda ishlab chiqilayotgan yuzlab turdagi mahsulotlarni ham yuk poyezdi orqali yetkazishni yo‘lga qo‘yishga allaqachon katta ehtiyoj sezilib qolayotgandi.

Poyezd shunchaki transport emas

Ha, kecha samarqandliklar uchun tarixiy kun bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbarining o‘zi bir guruh faollar bilan Samarqand shahridan Urgutga yangi tashkil etilgan poyezdda bordi. Urgut tumanida viloyat miqyosidagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Keyingi kun samarqandlik faollar Urgutga, urgutlik turli soha vakillaridan tarkib topgan jamoa poyezdda Samarqand shahriga keldi.

- Kuni kecha Yurtboshimiz o‘zi bilan tumanimizga katta quvonch olib keldi, - deydi Nuroniy jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi raisi Farmon Azizov. – Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Urgut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha katta loyihalar ilgari surildi. Bu loyihalar amalga oshsa, tuman salohiyati qanchalik oshishini tasavvur qilish qiyin. Tuman ahli bu e’tibordan bir g‘ayratiga o‘n g‘ayrat qo‘shilib harakat qiladi, deb o‘ylayman.

Poyezdning ilk yo‘lovchilari sifatida Urgut vokzaliga kirib borar ekanmiz, vokzaldagi zamonaviy shart-sharoitlar kishiga o‘zgacha zavq beradi.

Yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish mumkin

- 2025 yilning fevral oyida qurilishi boshlangan “Samarqand – Urgut” yangi temiryo‘l tarmog‘i loyihasi hududda transport infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lovchi va yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida amalga oshirildi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov temiryo‘l qurilishi haqida ma’lumot berar ekan. - Umumiy uzunligi 55 kilometr bo‘lgan ushbu yo‘l mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida ikkita zamonaviy vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasi hududida ikkita yuk stansiyasi, shuningdek, bir qator ko‘prik va inshootlar barpo etildi. Yo‘nalishni kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi temiryo‘l tarmog‘i ikki juft shaharlararo yo‘lovchi poyezdlari va to‘qqiz juft yuk poyezdlari qatnovini tashkil etish imkoniyatini yaratdi. Qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi natijasida yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoniyati yaratiladi.

Ushbu yo‘nalish Samarqand shahri, Samarqand, Jomboy, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy transport xizmatlarini taqdim etishi bilan ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ichki turizm rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.

Temir yo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning strategik sohalaridan biri sanaladi. Ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Yo‘nalish ishga tushirilishi bilan 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yangi temiryo‘l qurilishi va logistika infratuzilmasining kengayishi Urgut tumanida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirib, yuk tashish xarajatlarini qisqartiradi. Bu mahsulotlarni bozorlarga arzon va tez yetkazish, investorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda hududning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi — infratuzilma rivojlangan hududda ish o‘rinlari ko‘payadi, xizmatlar sifati yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.

Loyihaning asosiy nuqtalaridan biri — Urgut vokzalida yo‘lovchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilmoqda. Yangilangan vokzal yo‘lovchi oqimining ortishiga xizmat qiladi.

Yangi poyezdning qatnov jadvali

27 noyabrdan boshlab barcha yo‘lovchilarga Samarqanddan Urgutga, Urgutdan Samarqandga poyezd qatnay boshlaydi. Poyezd bir kunda ikki marta qatnaydi: ertalab, Urgutdan soat 6.30 va soat 16.59 da Samarqandga, Samarqandda esa soat 8.47 va 19.27 da Urgutga qarab harakatlanadi. Chiptalarni vokzalning o‘zida yoki onlayn tarzda xarid qilish mumkin.

Tijorat, turizm, madaniyat

Shu yil Urgut tumanida bir qator xalqaro miqyosida turistik tadbirlarning o‘tkazilgani haqida xabaringiz bor. Xalqaro paraplan musobaqalari, turizm qishloqlaridagi qator tadbirlar o‘tkazildi.  Shuningdek, tumanda 11 ta mahalla turizm qishlog‘iga aylantirilib, "Qoratepa" suv omborida suv sporti turizmi rivojlantirilishi, "Chor chinor"da dor yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Bu tuman qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgani uchun qo‘shni respublika bilan savdo-sotiq ko‘lami ham yildan-yilga ko‘tarilib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kunda "Jartepa" bojxona postidan 4 mingga yaqin aholi o‘tib qaytadi. Ular uchun poyezdda Samarqand shahriga kelish ancha qulay, xavfsiz va bemaloldir.

Tabiiyki, iqtisodiy jihatdan bunday strategik hududga poyezdning kelishi yuqorida mutasaddilar ta’kidlaganiday, salohiyatning yanada yuqorilashishiga xizmat qiladi. Xullas, hazillar o‘z yo‘liga, ammo yaxshi bilan xayolda aytilgan "Urgut alohida mamlakat", degan gaplar tobora ijobiy sifatga ega bo‘lib bormoqda.

Gulruh Mo‘minova,

Fazliddin Ro‘ziboyev.