Avtokross bo‘yicha mamlakat kubogi g‘oliblari aniqlandi

Urgut tumani Birlik mahallasidagi avtodromda avtokross bo‘yicha O‘zbekiston kubogining birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi  mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada yurtimizning eng kuchli 60 nafar sportchisi “A-7”, “A-8”, “NU” hamda “Baggi” sinflarida sport avtomobillarida mahoratini namoyish etdi.

Ikki kun davom etgan murosasiz bahslarda ishtirokchilar to‘rt toifa bo‘yicha bellashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Baggi” sinfida G‘ayrat Odilov (Jizzax viloyati), “A-7” sinfida Asliddin Siddiqov (Samarqand viloyati), “A-8” sinfida Nikolay Sayev (Jizzax viloyati), “NU” sinfida Samandar Xusanov (Jizzax viloyati) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Umumjamoa hisobida esa Jizzax viloyati jamoasi birinchi, Samarqand viloyati jamoasi ikkinchi, Jizzax viloyatining “Best club” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa yakunida g‘olib hamda sovrindorlar tashkilotning diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

- Samarqandda avtokross bo‘yicha 40 nafardan ziyod sportchi yurtimiz va viloyatimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda, - deydi "Vatanparvar" tashkiloti viloyat kengashi raisi Begzod Rahimov. - Mazkur musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatda avtosportni rivojlantirish va ommalashtirish, avtosportga qiziquvchilar safini kengaytirish hamda sportchilar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.