Urgutda 4 mingdan ortiq ish o‘rni taklif etilgan yarmarka bo‘lib o‘tdi
Prezident topshirig‘idan kelib chiqib, Urgut tumanida ishsiz yoshlarni aniqlash bo‘yicha keng qamrovli xatlov o‘tkazildi. Xatlov natijasida 1200 nafar ishsiz yosh ro‘yxatga olindi.
Aniqlangan yoshlar bo‘yicha 560 nafar yoshni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, 191 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish, 218 nafar yosh xorijda mehnat qilish istagida ekani aniqlanib,a ularga huquqiy maslahatlar berish chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, 81 nafar yosh imtiyozli kredit va subsidiyalar asosida band qilinishi rejalashtirilgan.

Yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida tumandagi “SAM ELEKTRO LUX” MChJda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada Urgut va Toyloq tumanlaridan 4289 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. 24 ta korxona 619 ta real ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Tadbirda 551 nafar fuqaro ishtirok etib, ularning 82 nafari ishga joylashdi. Jumladan, 48 nafar fuqaro “Sam Ferre” korxonasiga, 22 nafar — “SAM ELEKTRO LUX”ga va 12 nafari boshqa korxonalarga qabul qilindi.

Shuningdek, yarmarka doirasida 125 nafar yosh bilan ishga joylashish bo‘yicha shartnomalar imzolandi, 33 nafar yosh xorijiy til kurslariga yo‘naltirildi, mahallalardagi bo‘sh binolar negizida 220 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Urgut tumani hokimligi axborot xizmati.