Urgutdagi chegara oldi mahallalarda suv muammosi hal bo‘ladi(mi?)

Bundan to‘qqiz yil oldin Urgut tumanining Tojikiston bilan chegaradosh Chep-Mirzabog‘lon mahallasida kursdoshimnikida mehmon bo‘lgan edim. Yozning issiq kuni chanqab, undan suv so‘radim. U qo‘limga idish tutqazib, hovli burchagidagi hovuzni ko‘rsatgancha “O‘zing olib icha qol”, dedi. Loyqa suvni ko‘rib, hazil qilyapti deb o‘yladim. Ammo u idishni qo‘limdan olib, o‘sha suvdan avval o‘zi ichdi va keyin menga uzatdi. Shunda ushbu hudud ichimlik suvi muammosi borligini angladim. Afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, suv muammosi tumanning eng chekka, chegara oldi hudud aholisini hamon qiynab kelayotgan ekan.

Yaqinda Urgut tumanidagi chegara hududida joylashgan mahallalar aholisi uchun viloyat hokimligining sayyor qabuli tashkil etildi. Unda viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, Chep, Mirzabog‘lon va Beshyog‘och mahallalari aholisining murojaatlarini eshitdi. Qabul jarayonida aholi tomonidan asosan ijtimoiy xizmatlar, elektr energiyasi, maishiy gaz ballonlari ta’minoti, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalari ko‘tarildi. Biroq deyarli har ikkinchi murojaat eng og‘riqli muammo — ichimlik va oqar suv tanqisligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Biz aholi xonadonlarida bu muammolarga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.

 — Asosiy daromadimiz uzumchilik va chorvachilikdan, — deydi Mirzabog‘lon mahallasida yashovchi Qobil Jo‘raqulov. — Ammo keyingi yillarda suv tanqisligi sababli dehqonchilik bilan shug‘ullanish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi. Hozir esa, hatto, ichimlik suvini ham sotib olishga majburmiz. Chunki Chep mahallasi hududidagi Oqqo‘rg‘on tog‘idan keladigan buloq suvi uch mahallaning o‘n mingdan ortiq aholi ehtiyojini qondirishga yetmayapti. Bundan tashqari, suv sathining keskin pasayib ketishi quduq qazish va artezian chiqarish ishlarini ancha qiyinlashtirib qo‘ydi.

— Suv, yo‘l va elektr energiyasi mahallamizdagi eng og‘riqli masala, — deydi 3200 nafardan ziyod aholi yashaydigan Chep mahallasi raisi Qaytmas Boboyev. — Keyingi yillarda manzilli dastur asosida aholi xonadonlariga olti kilometr suv tarmog‘i tortildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida uchta transformator, 276 ta beton ustun o‘rnatildi. Mahallada suv zaxirasini yaratish uchun hashar yo‘li bilan ikkita hovuz ham tashkil etdik. Biroq amalga oshirilgan ishlar muammoga to‘laqonli yechim bo‘lmayapti. Jumladan, Tojikiston chegarasiga yaqin joylashgan, bir-biriga tutash Chep, Mirzabog‘lon, Beshyog‘och va Vatkan-Qo‘zibek mahallalari aholisi tog‘dan keladigan buloq suvini navbat bilan oladi. Afsuski, suv tanqisligi sabab fuqarolar o‘rtasida kelishmovchiliklar ham yuzaga kelyapti.

O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xoliqov eng chekka hududlarda suv, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

— Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil Urgut tumaniga amalga oshirgan tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi, — deydi Sh. Xoliqov. — Ushbu vazifalar doirasida ijtimoiy soha ob’yektlarini yaxshilash uchun qariyb 1 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan. Jumladan, tumanning chegara oldi hududida joylashgan sakkizta mahalla og‘ir toifaga kiritilib, har bir mahallaga respublika byudjetidan 2 milliard so‘mdan, shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining orttirilgan qismidan 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi. Joriy yilda mazkur mahallalarda infratuzilmani yaxshilash ishlari boshlanadi. Xususan, qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh mahallalardagi qariyb 500 gektar yer maydonini suv bilan ta’minlash maqsadida Quyiqishloq va Vatkan mahallalarida suv chiqarish nasoslari ishga tushirilib, tarmoqlar tortiladi. Agar tomorqalarni sug‘orish uchun suv keltirilsa, suvi aholining iste’moli uchun yetarli bo‘ladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.