Urgutlik “Don Kixotlar”

* Sog‘liqni saqlash vazirligi ruxsatisiz tibbiyot muassasalariga tegishli yerlar tuman hokimligi zahirasiga olingan

* Tadbirkorlarga daraxtlar kestirishga yo‘l bermayotgan qahramonlar

* Yopilgan shifoxonaning tug‘ruq bo‘limi open byudjetda g‘olib chiqmoqda

* Ibn Sino shifoxonasi tiklanishi imkonsizmi?

Hazilning o‘rni emas, Urgutda aynan shunday insonlar yashaydigan qishloq bor. Ularning fidoyiliklari hazilakam emas. O‘zlari istiqomat qilayotgan qishloq hududidagi 500 ga yaqin archa va boshqa bir necha turdagi daraxtlar ekilgan maydonni qo‘rib kelishmoqda. Ha, bu so‘zni aynan shu ma’noda tushunavering, qo‘rib, qo‘riqlab kelishayapti.

Tabiiyki, nabototni asrash hammamizning burchimiz, deyishingiz mumkin. Lekin bu yerdagi archazor maydonida ham ko‘p gap bor-da. Nafaqat ekologiya, balki aholi salomatligi uchun jon kuydirayotgan bu insonlarning maqsadi aniq. Keling, bu maqsadlar haqida yozishdan avval gap nima haqda borayotganini batafsilroq tushuntirsak.

Urgut tumani, Jo‘raptepa mahallasida o‘tgan asrning 80-yillarida shifoxona qurilgan. Qurilgandayam o‘sha paytlardagi kolxoz mablag‘i va aholisining hashari bilan ko‘tarilgan. Abu Ali ibn Sino nomidagi ushbu 3-son shifoxona qariyb 80 ming aholiga xizmat ko‘rsatgan. Unda shifoxona talablariga mos keladigan barcha bo‘limlar mavjud bo‘lgan va aholining uzog‘ini yaqin, og‘ir ahvolini yengillashtirgan. Juda yaxshi xizmat ko‘rsatgandirki, mana oradan necha yillar o‘tsa hamki, aholi ushbu shifoxona qayta ochilishidan umidvor. Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz, shifoxona ming afsuslar bo‘lsinkim, 2014 yildan boshlab, yuridik maqom sifatida tugatilib, Urgut tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufiga o‘tkazildi. 2016 yilgacha aholiga xizmat ko‘rsatib keldi va o‘sha yilning may oyida barcha bo‘limlar yopilib,  Jozmon QVP sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2017 yildan boshlab esa oilaviy poliklinikalar qatorida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotir.

To‘rtta qishloqni o‘zida mujassam etgan, 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan Jo‘raptepa mahallasi ahlining maqsadi bitta: ushbu shifoxona avvalgiday faoliyatini boshlasin. Shifoxona ish boshlasa faqat bu mahalla emas, atrofdagi o‘nlab qishloqlar ham shu tibbiy muassasa xizmatidan foydalanishi va kamida 50 ming aholiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

-Qarovsiz qolgach, manaman degan bino ham nuray boshlaydi, yiqiladi, - deydi Jo‘raptepa mahallasi faoli Abdulla Omonov. – To‘g‘risi, ularni asraymiz, yana shifoxona o‘z ishini boshlaydi, deya umidimizni hamon uzganimiz yo‘q. Bir paytlar juda so‘lim, 500 ga yaqin archa va boshqa manzarali daraxtlar ekilgan 4,6 gektar maydonning yarmi qoldi bugun.

Ha, bundan bir necha yillar ilgari sobiq shifoxonaga tegishli bo‘lgan, tuman tibbiyot birlashmasi balansida bo‘lgan, foydalanilmayotgan yerlar sifatida uning 2,5 gektar maydoni turli yo‘nalishlardagi tadbirkorlarga berib yuborildi. Garchi sog‘liqni saqlash muassasalariga tegishli bo‘lgan maydonlar sog‘liqni saqlash vazirligi roziligi bilan amalga oshirilishi haqida tegishli hujjatlar mavjud bo‘lsa-da, ammo yer tuman hokimligi zahirasi o‘tayapti va tadbirkorlarga “nol” qiymatda berilmoqda.

Aholi bu yer uchun jiddiy talashdi: bir nechta sud instansiyalariga yugurdi, xullas, yer hokimlik zahirasiga o‘tganligi aniq bo‘ldi.

Garchi shunday bo‘lsa-da, hozircha bu yerda hech qanday ishlar boshlanmagan. Jo‘raptepaliklar mazkur yerda ekilgan daraxtlarni kestirishga tadbirkorlarga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilishmoqda. Xullas, hozircha bu yerlarda tadbirkorlik faoliyati olib borilmayapti va daraxtlar ham faollarning jiddiy nazorati bilan joyida turibdi.

Buni qarangki, faollarning sa’y-harakati bilan hech bo‘lmasa poliklinika atrofi o‘rab olindi va poliklinika binosidan tashqari bir bino kapital ta’mirdan chiqarildi. Xo‘sh, bu qanday bino, deysizmi? Tug‘ruqxona binosi. Ya’ni bir paytlar tug‘ruqxona sifatida faoliyat ko‘rsatgan, anchayin xarob ahvolga kelib qolgan bino mahalla ahlining yugur-yuguri bilan 2023 yilda tashabbusli byudjetda g‘olib, deb topilayapti. Ushbu loyihada ishtirok etishda quyidagi maqsadlarga e’tibor bering: “Urgut tumanidagi joylashgan 3-son shifoxonani qayta remont qilish, tug‘ruqxona va davolanish bo‘limida 10 koyka joy tashkil qilish... va hokazo maqsadlarda bir milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi”.

Tashabbusli byudjetda ishtirok etish yiliga e’tibor bering: 2023 yil! Bu paytda shifoxonaning yopilganiga yetti yil bo‘lgan. Maqsadlar ham shifoxona tiklanishi katta umidni berayapti. Haqiqatda bu mablag‘ yana o‘sha, qahramonlarcha o‘z maqsadidan qaytmayotgan aholining talabchanligi va tinib-tinchimasligi ortidan bu yerda rostdan ham jiddiy ta’mirlash ishlari boshlanib ketadi. Mana, ta’mirlash ishlari amalga oshirilganiga ham hademay uch yil bo‘ladi, ozroq pardoz ishlari va tibbiy jihozlar keltirilsa, ish boshlash mumkin. Lekin! Shu bilan ish bitsa qaniydi, axir bino bor degani shifoxona ish boshladi, deb bo‘lmaydida. Axir shtatlar masalasi, yana qancha tibbiy masalalar bilan bog‘liq bu ish. Faollar esa open byudjetdan ta’mir uchun yuitlgan mablag‘dan qanchalik umidlanganini tasavvur qilolmaysiz. Umidki, biz bir paytlar qiynalmay farzandlarimizni davolaydigan, ayollarimiz tuman markaziga emas, yonimizdagi tug‘ruqxonada farzand ko‘radigan, keksalarimiz qiynalmay, o‘z hududidagi shifoxonada davolanadigan shifoxonamiz qayta tiklanadi, degan orzular qariyb ijobat bo‘ladiganday xursand bo‘lishdi.

Bugun bir milliard 200 million so‘mga amalga oshirilgan ta’mirlangan bino esa bo‘m-bo‘sh. Lekin aholining maqsadi, intilishlarida bu bo‘shliqni ilg‘amaysiz. Ular bir paytlardagi kabi yam-yashil archalar, zilol suvlar oqib turuvchi katta maydonda, navbatlarsizu, tiqilinchlarsiz tibbiy xizmatdan foydalanilgan yillar kelishidan umidini aslo uzishmagan.

Aslida Urgut tumani viloyatdagi eng katta tumanlardan biri. 600 mingga yaqin aholi istqomat qiladigan tumanda yaqinda markazda ming o‘rinli markaziy shifoxona qurilishi haqida yaxshi xabarlar bor. Lekin katta hudud uchun bu yetarlimi? Qolaversa, keyingi yillarda tuman markazlaridagi shifoxonalar ham zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, turli jarrohliklar, zamonaviy davolashlar amalga oshirilmoqda. Bu esa tuman markazlari shifoxonalariga ham qatnovni tobora oshirib borayotir. To‘g‘rirog‘i, bugun tuman shifoxonalari, viloyat markazlarida ham shifoxonalardagi navbatni ko‘rib, bemorliging ikki hissa oshadi.

Shunday sharoitda Jo‘rpatepa mahallasida, yengilroq xastaliklarni davolash, aholini og‘irini yengil qilishni nahotki iloji bo‘lmasa. Qolaversa, necha yillardan shu masala bo‘yicha qahramonlarcha harakat qilayotgan aholi ham bu masalada qarab turmaymiz, agar shifoxona tiklanadigan bo‘lsa biz kamarbastamiz, deb turgan bo‘lsa! Bundan ortiq jo‘mardlik bormi?!

Gulruh MO‘MINOVA.