Biologik faol moddalar: tabiatning sirli kuchi nimada?
Biologik faol moddalar - bu tirik organizmlar (o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar) tomonidan ishlab chiqariladigan, inson yoki hayvon organizmiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kimyoviy birikmalardir.
Ularga karotinoidlar, fenollar, alkaloidlar, vitaminlar, minerallar va efir moylari kiradi. Biologik faol moddalarning asosiy afzalliklari ularning tabiiy kelib chiqishi va kimyoviy xilma-xilligidir:
1. Biologik faol moddalarning tabiiy bo‘lishi - tabiiy birikmalar sintetik moddalarga nisbatan ancha murakkab va xilma-xil tuzilishga ega. Bu ularga organizmdagi turli oksillar bilan samarali bog‘lanish imkonini beradi.
2. Biologik faollik: Dori-darmon ishlab chiqaruvchi olimlar behuda o‘tirmaydi. Ular tabiatdagi mavjud “kalit”larni (biologik faol moddalarni) olib, ularni laboratoriyada ozgina o‘zgartirib, ancha kuchli va xavfsiz dorilarga aylantiradi. Shuning uchun tabiat (o‘simliklar, zamburug‘lar, bakteriyalar) yangi dorilar uchun bebaho xazina bo‘lib xizmat qiladi.
3. Biologik faol moddalarda xavfsizlikning yuqoriligi: Tabiiy manbadan olingan kichik molekulali birikmalar (masalan, flavonoidlar va kurkumin) organizmga nisbatan yuqori xavfsizlik potensialiga ega. Ular ko‘pincha kimyoviy sintezlangan dorilarga nisbatan kamroq nojo‘ya ta’sirga ega.
4. Keng qo‘llanilish sohasi: Ular nafaqat farmatsevtika va tibbiyotda, balki oziq-ovqat texnologiyasi, kosmetologiya, qishloq xo‘jaligi va nanotexnologiyalarda ham keng qo‘llaniladi.
Biologik faol moddalar qaysi kasalliklarda qo‘llaniladi?
- saraton va yurak-qon tomir kasalliklari: Biologik faol moddalar xavfli o‘smalar va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
- yallig‘lanishga qarshi xususiyat: Ko‘plab biologik faol moddalar yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega;
- antioksidant faollik: Ular organizmda erkin radikallarni zararsizlantirish xususiyatiga ega;
- immunomodulyatorlik xususiyati: Biologik faol moddalar immun tizimning faoliyatini tartibga solishga qodir;
- mikroblarga qarshi xususiyat: Biologik faol moddalar antimikrob xususiyatlarga ega bo‘lib, turli infeksiyalarga qarshi kurashishda yordam beradi.
Biologik faol moddalar qanday kamchiliklarga ega?
Biologik faol moddalarning ko‘plab afzalliklariga qaramasdan, ularni amaliyotda qo‘llash bir qator jiddiy muammolar bilan bog‘liq:
1. Kimyoviy beqarorlik: Biologik faol moddalar quyosh nuri, kislorod ta’sirida, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida yuqori harorat yoki bosim ta’sirida osongina parchalanadi va o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi.
2. Organizm tomonidan qabul qilinishi: Inson ovqat hazm qilish tizimidagi fermentlar va mo‘’tadil muhit (rN ning o‘zgarishi) biologik faol moddalarning hazm bo‘lishi va organizm tomonidan so‘rilishini keskin kamaytiradi. Bu ularning terapevtik samaradorligini pasaytiradi.
3. Organizm suyuqliklarida erimasligi: Ba’zi biologik faol moddalar organizm suyuqliklarida yetarli darajada erimaydi, bu esa ularni organizmga yetkazib berishni qiyinlashtiradi.
Biologik faol moddalarning salbiy ta’sirlari bormi?
Har qanday tabiiylik uning xavfsizligini anglatmaydi. Ba’zi biologik faol moddalar allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, agar noto‘g‘ri sharoitda yetishtirilsa og‘ir metallar yoki toksinlar bilan ifloslangan bo‘lishi mumkin. Bu moddalar organizmga salbiy ta’sir qiladi.
Biologik faol moddalar tabiatning bebaho ne’mati bo‘lib, ular inson salomatligini muhofaza qilishda bir qator yutuqlarga ega. Zamonaviy ilm-fan bu muammolarni hal qilish yo‘lida muhim qadamlarni tashlamoqda. Nanotexnologiya, biotexnologiya, genetik muhandislik va sun’iy intellekt asosidagi tahlillar biologik faol moddalarning organizmga singishini oshirish, ularni maqsadli ravishda hujayralarga yetkazish va sintez qilishini osonlashtirish yo‘lida xizmat qilmoqda. Kelajakda tabiiy birikmalar va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unlashuvi, ehtimol, farmatsevtika sohasida inqilob qilib, xavfsiz, samarali va arzon dori vositalarini yaratishga olib keladi. Shuning uchun tabiatning bu bebaho ne’matidan oqilona foydalanish va uning sirlarini ilmiy asosda o‘rganish – insoniyat salomatligini muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Elnara Ibragimova,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti farmakologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi.