Bayramdan keyingi muammolardan qanday qutulish mumkin?
Yangi yil bayramida hamma dasturxonni noz-ne’matlar bilan to‘ldirishga harakat qildi. Taomlarni aralashtirib iste’mol qilish ortidan esa bolalar va kattalarda turli muammolar paydo bo‘lgan holatlar bor. Xo‘sh, bayramdan keyingi ko‘ngilsiz holatlarni qanday oldini olsak bo‘ladi?
Ichak kolikalarida
Bolalarda uchraydigan ichak kolikalarida qorinda og‘riq, qorin quldirashi va qorin damlashi kuzatiladi. Ichak kolikalariga ko‘pincha noto‘g‘ri ovqatlanish, ya’ni mevalar, gazlangan ichimliklar va uglevodlarga boy mahsulotlarni aralash iste’mol qilish sabab bo‘ladi. Meteorizmning yana bir sababi stresslardir. Asabiy zo‘riqishlar ichaklarning ma’lum bir qismining spazmiga olib keladi. Natijada ichaklarning harakati buziladi va ortiqcha gaz to‘planadi.
Bunda parhez tutish va ovqatlanish ratsionini to‘g‘rilash lozim. So‘ngra bolani bezovta qilayotgan gazlarni haydab chiqarish uchun ferment dorilar beriladi. Qorinni massaj qilish ham yaxshi yordam beradi. Buning uchun bolaning qornini soat strelkasi bo‘yicha vazelin bilan massaj qilish kerak. Agar yuqoridagi usullar yordam bermasa, ichaklardagi gazni haydab chiqarish uchun mo‘ljallangan bolalar siropini qo‘llash lozim.
Ich ketganda
Bayram dasturxonidan so‘ng ko‘pchilik bolalarning ichi o‘tib qolishi mumkin. Ularni nafaqat ich ketishi, balki qusish ham bezovta qiladi. Bolalar qorindagi og‘riq, ko‘ngil aynishiga oid shikoyatlar qiladi. Ayrim hollarda isitmasi ko‘tariladi. Xo‘sh, nima qilish lozim?
Avvalo, meva va shirinliklarni to‘xtatish, so‘ngra ovqat hazmini yaxshilovchi dori vositalari berish kerak. Uyda hech qanday dori bo‘lmasa, unda kasallik boshlangandan so‘ng bir soat ichida tozalovchi huqna va oshqozonni yuvish tavsiya etiladi. Buning uchun kattaroq yoshdagi bolalarga majburlab suv ichiriladi va qusishga majbur qilinadi.
Bolalarni bezovta qiladigan asosiy muammolarga to‘xtaldik. Xo‘sh, bayramdan keyingi kunlarda kattalarni qanday muammolar qiynaydi?
Qon bosimi oshganda
Bayram kunlari kuchli bosh og‘riq bezovta qilsa, ya’ni qon bosimi ko‘tarilgan bo‘lsa, darhol arterial qon bosimini o‘lchash kerak. Agar qon bosimi biroz ko‘tarilgan bo‘lsa, achchiq damlangan ko‘k choy yordam berishi mumkin. Arslonquyruq damlamasi hayajonlanganda, stresslarda, arterial qon bosimi ko‘tarilganda yaxshi yordam beradi. Bosh miyadagi qon tomirlarda qon aylanishini yaxshilab, bosh og‘riqlarni ham bartaraf etadi.
Bosh og‘riganda
Bayramdan keyingi kunlarda yoshi katta insonlarda ko‘pincha bosh og‘riq kuzatiladi. Chunki 2-3 kun uzluksiz bayram ko‘rsatuvlarni ko‘rish, mehmon kutish, dasturxon tayyorlash, oshxonadagi kuydi-pishdilar asablarni charchatadi.
Bunda yalpizli choy yordam beradi. Yalpizning bir qator shifobaxsh xislatlari mavjud. Bu shifobaxsh giyoh tinchlantiruvchi, tomirlarni kengaytiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega. Ayniqsa, bosh og‘riqlarda, migrenda yaxshi yordam beradi. Asab tizimiga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Bosh miyada qon aylanishini yaxshilaydi.
Uyqusizlikda
Bayram kunlari bolalarda va kattalarda bir xil uyquning buzilishi kuzatiladi. Uyqusizlik, umuman uyqu buzilishidan qanday voz kechish kerak? Melissa shifobaxsh giyohidan tayyorlangan damlama uyqusizlikda ajoyib vositadir. Ayniqsa, bu giyoh yoshi kattalar uchun eng yaxshi tinchlantiruvchi xususiyatga ega.
Ko‘ngil ayniganda
Och qoringa achchiq va sho‘r salatlarni aralashtirib iste’mol qilish natijasida ko‘ngil aynishi, o‘qchish kuzatiladi. Bunday holatda biroz muddat och qolish tavsiya etiladi. So‘ngra ovqat hazmini yaxshilovchi fermentlar buyuriladi. Oshqozon og‘rig‘i bezovta qilsa, novokain eritmasi tavsiya etiladi. Uyda noshpa tabletkasi bo‘lsa undan ham yaxshi. Ovqat hazmini yaxshilash maqsadida limon sharbatini ham buyurish mumkin.
Darvoqe, dorixonalarda turli shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan jamlamalar mavjud. Siz har ehtimolga qarshi ularning bir nechta turidan xarid qilsangiz bo‘ladi. Bayram kunlari va bayramdan keyingi kunlarda sizga asqotib qolishi mumkin.
Shahlo RUSTAMOVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti
yuqumli kasalliklar kafedrasi assistenti, PhD.
Hayotxon TOJIYeVA,
pediatriya fakulteti talabasi.