Fuqarolik jamiyati haftaligi: Salomatlik tadbirlaridan memorandum kelishuvigacha
2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan.
- Haftalik dastlab, fuqarolik jamiyatining 1500 nafardan ortiq vakillarini jalb etgan holda respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilib, saralangan taklif va tashabbuslar asosida 1-5 dekabr kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tadi, - deydi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Doston Malikov. - Keyingi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangicha tizimi yaratildi. Xususan, joriy yildan boshlab, Parlament komissiyasi a’zolari mahalliy kengash kengash deputatlari bilan birgalikda aholi bilan muloqotlar tashkil etgan holda ijtimoiy soha va mahallalardagi aniq muammolarni o‘rganib, ularning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan davlat granti va ijtimoiy buyurtmasi tanlovlarini e’lon qilish boshlandi.

Birgina joriy yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ jalb qilindi. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Samarqand viloyatida davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 1 ta, davlat granti shaklida 18 ta loyiha 1,899 mlrd so‘mga moliyalashtirilib, hozirgi vaqtda barcha loyihalar muvaffaqiyatli yakunlanmoqda.
Soha xodimlari malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yil davomida Samarqand viloyatidan 46 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Haftalik doirasida viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv va muloqotlar, nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy forumi, konferensiyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, soha vakillari ishtirokida sport musobaqalari, turli aksiyalar o‘tkazildi. Xususan, viloyat adliya boshqarmasida NNT vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda sohadagi o‘zgarishlar haqida batafsil tushunchalar berildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan NNT, jamoat faollari, ijtimoiy tadbirkorlar, blogerlar, ilmiy muassasalar, davlat idoralari, OAV vakillari ishtirok etgan davra suhbatida 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiya natijalari va 2030 yillarga qatar rivojlantirish srategiyasiga loyihasiga takliflar bildirildi.
Shuningdek, davlat tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda fuqarolarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan takliflar berildi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan muhim tashabbuslar va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalari qamrovini kengaytirish hamda amalga oshirish borasida o‘zaro fikrlar almashildi.
Tadbir ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, joriy yilning 25 noyabriga qadar davom etadigan haftalik davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda.