Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida bolalar reanimatsiya bo‘limi ochildi
Jomboy tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida 6 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi tashkil etildi.
Fond tomonidan tumanning «Sog‘liq – tuman boylik» nomli loyihasi davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida moliyalashtirilib, unga 3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan 39 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar va uskunalar xarid qilinib, shifoxonada bolalar reanimatsiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, bo‘lim yonida yengil konstruksiyali kutish zali qurildi.
– Tumanimizda 180 ming nafar aholi yashaydi, ularning 62 mingga yaqinini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi, – deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Hafiza O‘sarova. – Shu nuqtai nazardan, markaziy shifoxonada bolalar reanimatsiya bo‘limining tashkil etilishi aholining muhim ehtiyojlaridan birini qondirishga qaratilgan. Chunki shu paytgacha og‘ir ahvoldagi bemor bolalar ham kattalar reanimatsiya bo‘limida davolanishga majbur edi. Tabiiyki, bu holat bolalar bilan birga ularning ota-onalari ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Endi bolalar bo‘limining o‘zida bunday imkoniyat yaratilishi bemor bolalarga o‘z vaqtida sifatli va zarur tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Yangi bo‘limning foydalanishga topshirilish marosimida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi O.Husanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev va tuman mas’ullari ishtirok etib, mazkur ijtimoiy loyihaning ahamiyatiga e’tibor qaratdilar.
– Samarqand viloyatida aholi turmush darajasini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan bir nechta loyihamiz bor, – dedi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi O.Husanov. – Jumladan, shu paytgacha viloyatning bir qator tumanlarida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kutubxonalar tashkil etish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida fond tomonidan moliyalashtirildi. Ayni paytda Qo‘shrabot tumani markaziy shifoxonasiga zamonaviy tibbiy jihozlar ajratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida bajarilayotgan bu kabi loyihalar fuqarolik jamiyati institutlarining hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.