Dori kishilarni davolash uchun ishlab chiqarilishi kerak, pulini “shilish” uchun emas

Insoniyatning eng katta boyligi - sog‘liq. Uni asrash, davolash uchun esa dori-darmonlarga ehtiyoj bor. Afsuski, keyingi yillarda dori bozori shunchaki tibbiyotning bir bo‘lagi emas, balki katta biznes maydoniga aylanganini kuzatyapmiz.

Bozorlarda yuzlab dori savdosi bilan shug‘ullanuvchi yangi firmalar paydo bo‘lyapti, dorilar assortimenti ham kengaymoqda. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat dorilarning narxi juda qimmat. Achinarlisi, ayrim dorilarning davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalaridan farqi deyarli yo‘q. Ba’zan ularning nomidagi birgina harf yoki qadoq dizayni o‘zgargan, xolos. Oqibatda bemor o‘sha “yangi” dori uchun bir necha baravar ko‘proq pul to‘lashga majbur.

Shifoxonalarda ham muammo bor. Bemor davolanish uchun borganida unga zarur bo‘lganidan ortiqcha tahlillar tayinlanadi. Shifokor bergan retseptda ham ko‘pincha shifoxona atrofida joylashgan “apteka”lardagi dorilar yoziladi. Bu dorilarni boshqa dorixonalardan topishingiz mushkul.

Fuqaro retseptni dorixonaga olib borganida narxni eshitib, davolanishni istamay qolishi ham mumkin. Chunki ayrim dorilarning narxi shunchalik balandki, bemorda ularni sotib olishning imkoni yo‘q.

Bu muammo jamiyat uchun og‘riqli masala. Chunki dori-darmon qimmatligidan jamiyatning eng zaif qatlami - oddiy kishilar aziyat chekadi.

Yechim bormi?

Avvalo, dori-darmonlar sifatini nazorat qilish, davlat reyestriga kiritilayotgan dorilar ustidan qat’iy tekshiruv o‘tkazish kerak. Dorilarning samarali va foydali ekanini mutaxassislar tasdiqlamasa, dorilarning savdosiga ruxsat berilmaslik shart.

Ikkinchidan, narxlarni tartibga solish juda muhim. Zarur dori vositalari davlat tomonidan subsidiyalansa, ularning narxi aholiga qulay bo‘ladi. Dunyo tajribasida ko‘plab misollari bor. Masalan, ayrim davlatlarda eng ko‘p ishlatiladigan dorilar uchun “minimal narx chegarasi” belgilangan.

Uchinchidan, shifokorlarning farmatsevtik firmalarga bog‘lanib qolishini cheklash zarur. Shifokor o‘z bemoriga dori yozar ekan, uning birinchi vazifasi – bemorni sog‘aytirish bo‘lishi kerak, firma manfaatini ko‘zlash emas.

To‘rtinchidan, odamlar ham dori savdosi masalasida ongli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu madaniyat shakllansa, bozor ham tartibga tushadi.

Xulosa qilib aytganda, dori vositalari odamlarning sog‘lig‘i uchun ishlab chiqariladi. Ularni pul ishlash manbaiga aylantirmaslik kerak.

Ra’no NASIROVA,

SamDChTI katta o‘qituvchisi.