Kattaqo‘rg‘on shahri taraqqiyoti uchun

Shaharda 2026 yilda sanoat mahsulotlari hajmining 109,2 foizga o‘sishini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan yirik va kichik sanoat korxonalarini to‘la quvvatda ishlatish hamda yangi ishga tushirilgan sanoat korxonalarining ishlab chiqarish hajmlarini oshirish evaziga yil yakuni bilan 1640,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Jumladan,“Energo texnika” MChJ va “Energy devicye systems” MChJ korxonalari tomonidan 800 dan ortiq transformator ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Xizmat ko‘rsatish hajmi qariyb 120 foizga oshiriladi. Bu raqam ortida yuzlab yangi biznes, servis xizmatlari va ish o‘rinlari turibdi. 801 nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash orqali shuncha oilaning daromadi barqaror bo‘ladi.

Joriy yilda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish maqsadida 5 ta, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish hamda 55 ta davlat mulki obektlarini ijaraga berish ortidan yirik loyihalar - sanoat zonalari, ekoturizm klasterlari va savdo majmualari tashkil etiladi va bular kelajakda shahar iqtisodiyotining “o‘sish nuqtalari”ga aylanadi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi rejalar ham aholini oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan. Mahsulot hajmini oshirish bilan birga, narx-navo barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim. “Dehqon bozori” MChJ va uning filiallarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tartibga solib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, kuz-qish mavsumida zaxira yaratish muhim. Chunki bozordagi barqaror narxlar aholi farovonligiga bevosita ta’sir qiladi.

- Islohotlarning natijasi odamlar hayotida sezilishi kerak, - deydi shahar hokimi o‘rinbosari M.Zavqiyev. - Shahrimiz iqtisodiy hayotini o‘zgartiruvchi 4 ta drayver loyihani zarur infratuzilma bilan ta’minlash orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratishni reja qilganmiz. Jumladan, qo‘shhovuz mahallasida joylashgan "Qo‘shhovuz-1" kichik sanoat zonasi va unga tutash Ingichka ko‘chasida 6 ta tadbirkorlik subekti faoliyatini  kengaytirib, 12 ta yangi  sanoat loyihalari ishga tushiriladi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on suv ombori sohili bo‘yidagi 4 gektar yer maydonida davlat - xususiy sheriklik asosida ekoturizm klasteri tashkil etiladi, Mikrosanoat markazi hamda Samarqand-Juma avtomobil yo‘lida Sharq shirinliklariga ixtisoslashtirilgan "Milliy brend" savdo majmuasi tashkil etiladi. Turli dasturlar orqali minglab odamlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Ayniqsa, yoshlar, ayollar va nogironligi bor shaxslarga alohida e’tibor qaratilayotgani jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha belgilangan choralar ham juda aniq. Jumladan, “Mehnatsevar ayol” loyihasi bo‘yicha iqtisodiy nofaol, nogiron farzand yoki bemor oila a’zosini parvarish qilayotgan xotin-qizlar bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Uyda o‘tirgan xotin-qizlar uchun masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantiriladi. “Teng imkon – inklyuziv bandlik” dasturi bo‘yicha esa 104 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs uchun mehnat bozorida kvota ish o‘rinlari yaratiladi. 2,3 milliard so‘m subsidiya, ssuda va grantlar, 11,6 milliard so‘m bank kreditlari ajratilib, 104 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolar ishga joylashtiriladi. “Barqaror kelajak sari” dasturi asosida 1067 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, doimiy daromadga ega bo‘ladi.

2026 yilda 150 million dollarlik investitsiya jalb qilish rejasi bu Kattaqo‘rg‘on shahri uchun katta imkoniyat yaratadi. Chunki bu mablag‘lar yangi korxonalar ochishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltiriladi. Eng muhimi, Kattaqo‘rg‘on nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki ijtimoiy va madaniy tomondan ham rivojlangan zamonaviy shaharga aylanadi.

Dilmurod TO‘XTAEV.