Samarqandliklar “Eng yaxshi tez tibbiy yordam brigadasi” tanlovi g‘olibi

Joriy yilning 9–11 aprel kunlari Nukus shahrida “Tez tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari – 2026” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman doirasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi tez tibbiy yordam brigadasi” xalqaro ko‘rik-tanlovida 19 ta jamoa ishtirok etdi. Ular orasida mamlakatimiz hududlari bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston va Andijon tibbiyot institutlari hamda Rossiya, Belarus va Qozog‘istondan kelgan jamoalar bellashdi.

Musobaqalar jarayonida ishtirokchilar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yurak-o‘pka reanimatsiyasini amalga oshirish, yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlarga yordam berish kabi yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyon etishdi.

Yakunga ko‘ra, 3-o‘rin Qozog‘iston Respublikasi jamoasi va Farg‘ona viloyati filialiga, 2-o‘rin Belarus jamoasi hamda Qoraqalpog‘iston filialiga nasib etdi. 1-o‘rin Rossiya Federatsiyasining Ufa shahri jamoasi bilan bir qatorda Samarqand viloyati filiali jamoasi tomonidan qo‘lga kiritildi.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.