“Bola-baqra”, “quda-anda”, “sapcha” va “xotin-xalaj” ma’nosini bilasizmi?

O‘zbek tilining mukammal etimologik lug‘atini yaratish muhim vazifa. So‘zlarning kelib chiqishini bilish tilning tarixi, madaniy rivoji va ijtimoiy hayoti haqida ma’lumot beradi. Masalan, “bola-baqra”, “quda-anda”, “boshini sapchadek uzib tashlash” va “xotin-xalaj” kabi iboralarning kelib chiqishi qiziq naqllar qiladi. Bu so‘zlar turkiy, arab, fors tillari ta’sirini ko‘rsatadi. Filolog olimlarimiz “O‘zbek tilining etimologik lug‘atini” yaratishni maqsad qilishgan.

Fransiyada bo‘lganimda meni hayratga solgan narsa - har bir tashkilot va fransuz xonadonida fransuz tilining izohli lug‘atlari mavjudligi bo‘ldi. Turli hajmdagi Larousse va Robert lug‘atlarini deyarli hamma joyda uchratish mumkin. E’tiborli jihati, mazkur lug‘atlar nafaqat umumiy lisoniy masalalarni, balki tematik yo‘nalishlarni (etimologik, gastronomik, yuridik, texnik, frazeologik va hokazo) ham qamrab oladi.

O‘zbekistonda ham tilshunoslik sohasida milliy lug‘atlar yaratish borasida muayyan yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, 2023 yilda nashr etilgan olti jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” ushbu yo‘nalishdagi muhim ilmiy-amaliy qadamlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri - o‘zbek tilining mukammal etimologik lug‘atini yaratishdir.

So‘zlarning kelib chiqishi, ya’ni etimologiyasini o‘rganish tilshunoslikning muhim sohalaridan biri bo‘lib, u nafaqat filologiya, balki tarix, arxeologiya, antropologiya, dinshunoslik, xorijiy tillar kabi qator yondosh fanlarni bilishni taqozo etadi. Etimologik tadqiqotlar tilning tarixi, xalqning madaniy rivoji va ijtimoiy hayoti haqida muhim ma’lumotlar beradi.

Afsuski, biz kundalik muloqotda qo‘llaydigan ko‘plab so‘z va iboralarning kelib chiqishini yaxshi bilmaymiz. Masalan, “bola-baqra” birikmasini olaylik. “Bola” so‘zining ma’nosi ayon, ammo “baqra”ning mazmuni ko‘pchilikka ma’lum emas. Ushbu so‘z qadimiy turkiy tillardagi “baqirmoq” (yig‘lamoq) fe’lining qisqartma shaklidan hosil bo‘lgan. Demak, “baqra” so‘zi “yig‘laydigan go‘dak bola”, degan ma’noni bildiradi. “Bola-baqra” esa umumlashgan holda “turli yoshdagi bolalar” ma’nosida qo‘llaniladi.

Yoki “quda-anda” so‘zini olaylik. Bu yerda turkiy kelib chiqishga ega bo‘lgan “quda” so‘zining ma’nosi hammaga ma’lum. “Anda” so‘zi esa qadimgi turk-mo‘g‘ul xalqlarida tutingan aka-ukalarni ifodalash uchun ishlatilgan. Hozirgi kunga kelib “anda” so‘zi ma’no jihatdan transformatsiyaga uchrab, “qudaning qudasi” ma’nosida qo‘llaniladi.

Yana bir qiziq misol sifatida “boshini sapchadek uzib tashlash” iborasini keltirish mumkin. Bu yerda “sapcha” so‘zi etimologik jihatdan turkiy bo‘lib, qovunning hali pishmagan, xomaki holatini anglatadi. Sapcha juda mo‘rt va palagidan uzib olish oson bo‘lgani uchun uning “sapchadek uzib tashlamoq” ko‘chma ma’nosi shakllangan.

“Xotin-xalaj” birikmasining kelib chiqishi ham juda qiziq. “Xotin” etimologik jihatdan turkiy so‘z bo‘lib, “xalaj” so‘zining kelib chiqishi esa noma’lum. Balki arabiy bo‘lishi mumkin, degan taxminlar uchraydi.

Qur’oni karimning “Tavba” surasi 87-oyatida munofiqlik qilib, Payg‘ambarimiz bilan birga urushga bormagan ikki nafar musulmon haqida “Ular xotin-xalaj bilan qolishga rozi bo‘ldilar. Dillari muhrlab qo‘yildi. Bas, endi ular (yaxshilikni) anglamaydilar” degan muqaddas bitikda “xalaj” so‘zi bolalar ma’nosida qo‘llanilgan. Demak, “xotin-xalaj”dan murod - ayollar va bolalar ekani anglashiladi.

Shuningdek, “qadam-baqadam” birikmasi ham tillararo ta’sirning yaqqol namunasidir. “Qadam” so‘zi o‘zbek tiliga arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, unga fors-tojik tilidagi “ba-” qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida “baqadam” shakli yuzaga kelgan. “Qadam-baqadam” birikmasi “izma-iz”, “ketma-ket” ma’nolarini bildiradi.

Shu bilan birga, ushbu birikmaning “qadamma-qadam” varianti ham mavjud bo‘lib, u etimologik jihatdan turkiy -ma qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida shakllangan birikma hisoblanadi.

Umuman olganda, o‘zbek tilida bunday so‘z va iboralar juda serob. Ularning kelib chiqishi va ma’nolarini ilmiy asosda tahlil qilish, tizimlashtirish va umumlashtirish orqali “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”ni yaratish filolog olimlarimiz oldida turgan muhim va dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Qodir JO‘RAYeV.