Italiya Parlamenti vakillari Samarqandda

Italiya Parlamenti deputatlar palatasi deputati, “Italiya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Fabritso Bensoni boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.

Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov kutib oldi.

– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanib bormoqda, – deydi Fabritso Bensoni. – Bu hamkorlik ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari tufayli rivojlanmoqda. Biz ham Toshkentda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida o‘tkazilgan do‘stlik guruhlarining yig‘ilishida parlamentlararo muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalar, ilm-fan va ta’lim almashinuvi, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar hamda turizm sohasida imkoniyatlarni kengaytirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi.