Italiyaning mashhur kinoyulduzlari Samarqandda jam bo‘ldi

Shahardagi "Sharq yulduzi" kinoteatrida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi hamkorligida N.I.C.E yangi italyan filmlari kinofestivalining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Mazkur festival 30 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib, asosiy maqsadi, xorijda italyan filmlari targ‘ibotidir.

Kinoteatr poyiga to‘shalgan qizil gilamdan nafaqat italiyalik kino, balki mashhur estrada yulduzlari ham o‘tib kelishdi.

Festivalning ochilish marosimida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov, N.I.C.E kinofestivali rahbari Vivyano Del Byanko, "Yevroosiyoni o‘rganamiz" xalqaro assotsiatsiyasi rahbari Antonio Falliko so‘zga chiqdi.

- Mazkur festival Verona forumi doirasida, ilk marta Samarqandda o‘tkazilmoqda, - dedi Antonio Falliko. -  Kino san’ati xalqlarni birlashtirishda katta ahamiyatga ega. Ushbu kinofestival qadim, o‘z  tarixiga ega bo‘lgan navqiron shaharda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Florensiya va Samarqand birodar shaharlar. Odam aka-uka, ya’ni qarindosh tanlay olmaydi, ammo do‘stini tanlash, u bilan doimiy aloqalarni mustahkamlash imkoniga ega. O‘ylaymizki, bizning do‘stligimiz san’at orqali yanada mustahkamlanadi.

Festivalda Italiya kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan "La Lunga Corsa" ("Uzoq poyga") filmi namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, "Sharq yulduzi" kinoteatrida to‘rt kun davomida italyan filmlari bepul namoyish etiladi.

Festivalga afsonaviy qo‘shiqchi — «Felicita» qo‘shig‘i bilan mashhur bo‘lgan Al Bano, Matia Bazar qo‘shiqlari shukuh berdi.