Sun’iy intellekt alsgeymerni 10 yil oldin bashorat qila oladi

Alsgeymer kasalligi shunchaki unutish emas. Bu go‘yoki asta-sekin so‘nib borayotgan sham - inson avval kechki ovqatda nima yeganini unutadi, so‘ngra o‘z uyining manzilini adashtiradi, nihoyat, eng yaqin farzandining yuzini tanimay qoladi...

Bu kasallik nafaqat bemorning o‘ziga, balki uning atrofidagi barcha oila a’zolariga og‘ir sinovdir. Bu dardning dastlabki belgilarini bilib olsak, uning oldini olish mumkinmi? Miyamizni eskirishdan himoya qila olamizmi?
Bugungi kunda alsgeymer kasalligi nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda Asta-sekin kirib keladigan bu dard insonni avvalo xotirasidan, so‘ngra o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchidan, nihoyat, shaxsiyatidan mahrum qiladi.
Alsgeymer kasalligi - bu markaziy nerv tizimining progressiv neyrodegenerativ kasalligi bo‘lib, u aqliy qobiliyatlarning asta-sekin pasayishiga olib keladi. Ushbu kasallik keksalik demensiyasi (aqldan ozish)ning eng keng tarqalgan sababi bo‘lib, barcha demensiya holatlarining 60-80 foizini tashkil qiladi.

Bu kasallikka kimlar ko‘proq chalinadi?
Kasallikning tarqalishi yoshga bog‘liq ravishda ortadi:
·   65-74 yosh oralig‘ida: taxminan 5 foiz;
·   75-84 yosh oralig‘ida: taxminan 13 foiz;
·   85 yosh va undan kattalarda: taxminan 33 foiz.
Kasallik ayollarda ko‘proq uchraydi, bu qisman ularning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi uzunroq bo‘lishi bilan bog‘liq. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda har 3 soniyada bir kishi alsgeymer kasalligiga chalinadi.
Kasallikka qaysi omillar sabab bo‘ladi?
·   Genetik omillar: ayrim genlardagi mutatsiyalar kasallikning 65 yoshgacha boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
·   Keksalik: kasallik rivojlanishi uchun eng muhim xavf omilidir.
·   Turmush tarzi va atrof-muhit: yuqori qon bosimi, qandli diabet, qonda xolesterin miqdori yuqoriligi va chekish kasallik rivojlanish xavfini oshiradi.
·   Boshqa omillar: bosh miya jarohatlari, uyquning yetishmovchiligi, jismoniy faollikning pastligi.

Alsgeymer kasalligining qanday belgilari bor?
Alsgeymer kasalligi asta-sekin, sezilmasdan boshlanadi va belgilar vaqt o‘tishi bilan og‘irlashib boradi.
Kasallikning erta belgilari ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi:
·   Yaqinda bo‘lgan voqealarni unutish: hozirgina yegan ovqatini eslolmaslik, bir xil savollarni qayta-qayta berish.
·   So‘z topishda qiyinchilik: nutqda to‘xtab qolish, narsalarning nomini yoddan chiqarish.
·    Kundalik vazifalarni bajarishda muammolar: odatdagi ishlarni bajarish qiyinlashishi.
·   Buyumlarni adashtirib qo‘yish va ularni topa olmaslik.
·   Vaqt va joyni aniqlashda qiyinchilik.
Kasallikning keyingi bosqichlarida quyidagi belgilar kuzatiladi:
·   Shaxsiyat va xulq-atvorning o‘zgarishi: befarqlik, asabiylik, agressivlik.
·   Nutq va muloqot qobiliyatining yo‘qolishi.
·   Vaqt va joyni to‘liq adashtirish: o‘z uyida bo‘lsa-da, qaysidir joyga borgisi kelish.
·   Oila a’zolarini tanimaslik.
·   O‘z-o‘ziga xizmat qilish qobiliyatining to‘liq yo‘qolishi - bemor doimiy parvarishga muhtoj bo‘lib qoladi.

Kasallikka qanday tashxis qo‘yiladi?
·   Nevrologik tekshiruv o‘tkazadi.
·   Psixologik testlar (aqliy holatni baholash) yordamida xotira va boshqa aqliy qobiliyatlarni tekshiradi.
·   Bosh miyaning kompyuter tomografiyasi (KT) yoki magnit rezonans tomografiyasi (MRT) tekshiruvlari orqali miyadagi o‘zgarishlar aniqlanadi.

Alsgeymer kasalligining davosi bormi?
Hozirgi kunda Alsgeymer kasalligini to‘liq davolay oladigan dori vositasi mavjud emas. Mavjud davo usullari kasallikning rivojlanishini sekinlashtirish va simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan. Turli xil  xotira va fikrlash qobiliyatini yaxshilashga qaratilgan, ruhiyat va xulq-atvor buzilishlari uchun antidepressant dorilar buyurilishi mumkin.

Kasallikka chalinganlarga qanday yordam berish mumkin?
·   Kognitiv treninglar (fikrlash va xotirani o‘stirish uchun mashqlar) o‘tkazish orqali;
·   Psixologik qo‘llab-quvvatlash orqali;
·   Jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanishga yo‘lga qo‘yish orqali;
·   Ijtimoiy faollikni saqlash va yaqinlarning g‘amxo‘rligi bemorlar uchun juda muhimdir.
Kasallikning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?
·   Muntazam jismoniy mashqlar qilish.
·   Sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish (sabzavotlar, mevalar, donli mahsulotlar, yog‘li baliqlarni ko‘p iste’mol qilish).
·   Miyani faol ushlash: kitob o‘qish, shaxmat o‘ynash, yangi narsalar o‘rganish kabi faoliyatlar.
·   Ijtimoiy faol bo‘lish: odamlar bilan muloqotda bo‘lish, turli tadbirlarda ishtirok etish.
·    Yuqori qon bosimi, qandli diabet va xolesterinni nazorat qilish.
·    Spirtli ichimliklar va chekishdan voz kechish.
·    Yetarli va sifatli uyqu kerak.

Sun’iy intellekt alsgeymer  kasalligini oldindan ayta oladimi?
Sun’iy intellekt alsgeymerni 10 yil oldin bashorat qila oladi, degan fikr ilmiy asosga ega bo‘lib, bu sohada faol tadqiqotlar olib borilmoqda. Hozirda sun’iy intellekt turli xil ma’lumotlarni tahlil qilib, kasallikning erta belgilarini aniqlashga yordam beradi. Sun’iy intellekt dasturlari elektron sog‘liqni saqlash yozuvlari ma’lumotlarini tahlil qilish orqali xavfni baholaydi. Garchi bu texnologiyalar hali keng qo‘llanilmayotgan bo‘lsa-da, ular kasallikni erta bosqichda aniqlash va profilaktika choralarini ko‘rish uchun juda istiqbolli texnologiya hisoblanadi.

Ahmad Nuriddinov,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti epidemiologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi.