Do‘stlik orqali yuksalayotgan ta’lim

Yurtimizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari qatorida Samarqand davlat chet tillar instituti ham Italiyadagi universitet va institutlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Xususan, Siyena xorijliklar universiteti, Florensiya universiteti, Ka-Foskari universiteti (Venetsiya), Napoli Sharqshunoslik universiteti, Perudjiya xorijliklar universiteti bilan ilmiy-pedagogik aloqalarimiz yil sayin rivojlanib bormoqda.
2005 yildan buyon institutimizda italyan tili yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hozirda mazkur yo‘nalishda 168 nafar bakalavr, 3 nafar magistr tahsil olmoqda. Shuningdek, 190 nafardan ortiq talaba italyan tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘rganmoqda. Institutda italyan tiliga bo‘lgan bunday qiziqish, albatta, ikki davlat, ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlik va madaniy yaqinlikning mevasidir.
1999 yildan Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan muassasamizda “Italyan tili va madaniyati markazi” tashkil etilgan. Bu markazda Italiyadan kelgan professor-o‘qituvchilar institutdagi hamkasblari bilan birgalikda faoliyat olib bormoqda.
Elchixona tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak va grant dasturlari oliygohdagi bu yo‘nalishning rivojida muhim omil bo‘lmoqda. 2020–2021 o‘quv yilida 170,5 million so‘m, 2022–2023 o‘quv yilida esa 10 ming yevro miqdoridagi beg‘araz grantlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar darslik va o‘quv qo‘llanmalar xarid qilish, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish hamda ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirildi.
Har yili talabalarimiz Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan o‘tkaziladigan “Italyan tili notiqlik san’ati” tanlovida faol ishtirok etib kelmoqda. G‘oliblar va faol ishtirokchilar Italiya universitetlarida malaka oshirish hamda qisqa muddatli stajirovkalarda qatnashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bunday tashabbuslar yoshlarimizda xalqaro miqyosda hech kimdan kam emasliklariga, raqobatbardosh kadr bo‘lishlariga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Napoli sharqshunoslik universiteti bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida institutda har yili yozgi maktablar tashkil etilib, unda Italiyadan kelgan talabalar faol ishtirok etmoqda. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bilan birga madaniy almashinuv va o‘zaro anglashuvni mustahkamlayapti. Maktabda italyan filmlari, bayram tomoshalari va konsert dasturlari, kitob taqdimotlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylangan.
Keyingi uch yilda to‘rt nafar italyan tili o‘qituvchimiz Siyena xorijliklar universitetiga malaka oshirish kurslariga yuborildi. 2024 yilga kelib, aynan mazkur universitet bilan hamkorlikda muassasamizda “CHILS” (Certificazione della conoscenza della Lingua Italiana) xalqaro til bilish sertifikati beradigan test-imtihon tizimi joriy etildi. Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar instituti ushbu test-imtihonlarini o‘tkazish vakolatiga ega mamlakatimizdagi yagona markaz hisoblanadi.
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni xonimning mamlakatimizga rasmiy tashrifi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bilan birga ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.