Bilim, innovatsiya, fidoyilik, ta’limdagi samaradorlik

O‘zbekiston rivojlanishining yangi bosqichidagi eng asosiy tayanch hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish – mamlakatimizda ta’lim tizimi, ilm-fan sohasi va yoshlar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning muhim bosqichi bo‘ldi.
Tadbirda davlatimiz rahbari ko‘targan masalalar nafaqat oliy o‘quv yurtlari yuksalishi, balki butun jamiyat taraqqiyoti uchun ham strategik ahamiyatga egaligi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi. Prezidentimiz tomonida ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro ta’lim standartlariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashimizga, bitiruvchilar bandligini ta’minlashga, oliy ta’lim muassasalarida sifat va samaradorlikni oshirishga, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish va milliy ta’lim tizimini ilg‘or xalqaro reytinglardagi munosib o‘rinlarga olib chiqish uchun xizmat qiladi.
Quvonarlisi, keyingi yillarda ta’lim sohasiga qaratilgan e’tibor bevosita natijalarda o‘z aksini topib bormoqda. Oxirgi 7 yil ichida oliy ta’limga qabul 4,5 barobar oshib, mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’limda o‘qishini davom ettirish qamrovi 42 foizga oshdi. Buni ulkan yutuq va muhim tarixiy ko‘rsatkich, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo shu bilan bog‘liq muhim jihat borki, bu kengayish, bu yutuq zamirida sifat va bozor ehtiyojiga mos kadrlar tayyorlashdek birinchi darajali va dolzarb vazifa ham bor, buni e’tibordan chetda qochirmasligimiz kerak.
Bu masala naqadar dolzarb ekanligini Prezidentimiz tomonidan keltirilgan misollarda ko‘rishimiz mumkin. Masalan, yiliga 20 ming avtomobil ishlab chiqarayotgan "BYD" zavodida 100 ta muhandislik bo‘yicha ish o‘rni bo‘sh bo‘lib turgani, ularni to‘ldirish uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis jalb etilganini eshitib, o‘zimizda shunday kadrlar yetishmayotgani ustida monitoring olib borilmagani sohadagi muhim kamchilikdir.
Ana shu kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda yaqin 3-4 yilda mamlakatimizda ishga tushadigan 83 milliard AQSh dollarilik sanoat loyihalari uchun 500 ming nafar yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarga ehtiyoj sezilayotgani – oliy ta’lim tizimi mehnat jamoalari oldida qanchalik ulkan miqyosdagi mas’uliyatli vazifa turganini ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirish va reyting tizimi, ya’ni “har bir ball – har bir resurs” tamoyili asosidagi baholash, oliy ta’lim muassasalari mehnat jamoalarini yanada samarali ishlashga, faoliyatlarini bozor bilan integratsiyalashga undaydi. Bu ta’lim tizimida sifat va samaradorlikni oshirish bilan birga raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash borasidagi mavjud kamchilik va muammolarga barham berish imkoniyatini beradi.
Oliy o‘quv yurtlarini baholashning yangi mezonlari ham ta’lim muassasasi reytingining ko‘tarilishiga, nufuzi va salohiyati oshishiga xizmat qiladi. Bu soha xodimlarining dilidagi gap bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Oliygohlar endilikda bitiruvchilar bandligi (40 ball), ilmiy tadqiqot va mahsulotni tarmoq buyurtmasiga moslashtirish (30 ball), ilmiy maqolalarning xalqaro e’tirofi (20 ball), jalb qilingan grantlar (10 ball) dan to‘plangan ball va mezonlar asosida baholab boriladi.
Mazkur baholash tizimi, albatta, sog‘lom raqobat, ilmiy-pedagogik faoliyatda innovatsion yondashuv va natijadorlikni talab qiladi. Ahamiyatlisi, endilikda har bir oliy o‘quv yurti jamoasi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha real sektor bilan uzviy bog‘langan holda ilmiy va amaliy salohiyatni birlashtirgan ulkan markazga aylanishi lozim bo‘ladi.
Xorijiy tillarni bilish va o‘rgatish xalqaro maydondagi sog‘lom raqobatda, mehnat bozorida hal qiluvchi omil hisoblanadi. Shu bois asosiy e’tiborni mana shu masalaga qaratganmiz. Institutimizda ayni paytda xorijiy tillarni o‘rgatish, tarjimonlik, lingvistika va filologiya sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Xalqaro hamkorlik va til kompetensiyasining kuchayishi bugungi mehnat bozorida nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan: “Abituriyent 5 ta oliygohdan birortasiga kira olmasa, boshqa oliygohda to‘lmagan yo‘nalish uchun imkoniyat beriladi”, degan tashabbus ham aynan yoshlarimiz uchun teng imkoniyat, inklyuzivlik va har bir iste’dod va iqtidor egasining kelajakda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladigan muhim omil bo‘ldi. Bu tashabbusni butun oliy ta’lim tizimi uchun kadrlar zaxirasini asrab qolishdagi muhim mexanizm bo‘ldi, desak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 92 mingdan ortiq bitiruvchi ishsiz. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan kompleks yechimlar: magistratura, ikkinchi mutaxassislik, stajirovka talab qilinmaydigan ish o‘rinlari, biznes-inkubatorlar, tarmoqdagi ehtiyojlar bo‘yicha taqsimot – barcha yo‘nalishlar mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari hamda ish beruvchi tashkilotlar uchun aniq maqsadlar strategiyasi bo‘lib xizmat qiladi.
Samarqand davlat chet tillar institutida ham bu borada bir necha yo‘nalishlarda istiqbolli ishlar olib borilmoqda. Endilikda xorijiy til o‘qituvchilari va tarjimonlarga bo‘lgan ichki va xalqaro ehtiyojni o‘rganishni, xalqaro ta’lim dasturlari (Erasmus+, DAAD, TIKA, MEXT, GKS, El-yurt umidi, Fulbright, Chevening) orqali talabalarni xorijda stajirovka bilan ta’minlashni, respublika va viloyatdagi turizm, xizmat ko‘rsatish, media va ta’lim sohalaridagi ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan maqsadli ko‘satkichlarni belgilab olganmiz.
Tadbirda Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar oliy o‘quv yurtlari rektorlari zimmasidagi mas’uliyat va vazifalarni yanada oshirdi, vakolatni kengaytirdi. Endi rektor nafaqat rahbar, balki o‘zi rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasining “bosh menejeri”, “bosh strategisti” bo‘ladi. Rektorlar vakolatining kengaytirilishi, rektor o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlashi, shtatlar va muassasa byudjetini o‘zi taqsimlashi, super-kontrakt miqdorlarini tabaqalashtirilgan tarzda belgilashi – bu akademik va tashkiliy mustaqillikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu maqsad yo‘lida, “Yangi O‘zbekiston” universitetida tashkil etilayotgan Rektorlar maktabi va Garvard universiteti bilan hamkorlikdagi malaka oshirish kurslari oliy ta’lim tizimida bilimli, kuch va shijoatga to‘la yangi avlod rahbarlarini shakllantirishga xizmat qiladigan bo‘ldi.
Xalqaro reytinglar ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lib, institutimiz jamoasi o‘z oldiga xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashni asosiy strategik vazifalardan biri sifatida qo‘ygan. Buni Samarqand davlat chet tillar institutining yaqinda Yevropa ta’lim sifati agentligi (EQAA — European Quality Assurance Agency) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganligi institut Yevropa talablari asosida faoliyat olib borayotganini va endilikda bitiruvchilarga beriladigan diplomlarning butun dunyo bo‘ylab tan olinishi mumkinligida ham ko‘rishimiz mumkin.
Oliygohda ilmiy maqolalarni SCOPUS, Web of Science kabi bazalarga chiqarish, xorijiy tilni mukammal biladigan ilmiy kadrlar sonini ko‘paytirish, Tempus, Erasmus+, KOICA va boshqalar bilan hamkorlikda ilmiy grantlarni jalb etish, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, o‘quv dasturlarini CEFR, TEFL, TESOL, DELF, IELTS kabi xalqaro standartlarga integratsiyalash borasidagi ishlarimiz ko‘lamini kengaytirishni rejalashtirib oldik.
Bugun O‘zbekiston rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu bosqichda eng asosiy tayanch – bilim, innovatsiya, fidoyilik va ta’lim tizimidagi samaradorlikdir. Har bir oliy o‘quv yurti, har bir rektor, har bir professor-o‘qituvchi davlatimiz rahbari belgilab bergan bu yuksak maqsadlar sari, yelkama-yelka va faol harakat qilishi lozim.
Bitiruvchilar bandligini 100 foizga yaqinlashtirish, ilmiy maqolalar sonini ikki barobarga oshirish, Xalqaro reytinglardan o‘rin olishda individual yo‘l xaritalarini ishlab chiqish, raqamli transformatsiya va onlayn darslar sifatini oshirish, har bir talaba uchun til va kasb integratsiyasini ta’minlash yo‘lida shijoat bilan ishlaymiz.
Biz bilamiz, ta’lim sifatli bo‘lsa, jamiyat taraqqiy topadi. Bitiruvchilar band bo‘lsa, xalq rozi bo‘ladi. Ilm-fan rivojlansa, O‘zbekiston kuchli davlatga aylanadi.
Bahodir Xoliqov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.