Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchilari Monpele universitetida malaka oshiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston-Fransiya ko‘prigi” mavzusida xalqaro konferensiyada o‘tkazildi.
Konferensiyada ishtirok etgan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari fransuz hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov Fransiyaning Pol Valeri nomidagi Monpele universiteti faoliyati bilan tanishib, Monpele universiteti rektori Anne Fraisse xonim bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv chog‘ida ikkala ta’lim muassasasi o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlikda ishlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Key Action 1 granti yordamida 2027 yilgacha bo‘lgan muddatda Samarqand davlat chet tillar instituti va Monpele universiteti o‘rtasida 7 nafar talaba hamda 6 nafar professor-o‘qituvchining akademik mobilligi amalga oshirilishi belgilandi.
Anne Fraissi xonim Samarqand davlat chet tillar instituti Monpele universitetning O‘zbekistondagi birinchi hamkori bo‘lganidan xursandligini bildirdi.
Bundan avval mazkur anjuman doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti va Fransiyaning fransuz tilini o‘qitish innovatsion metodik Markazi (KOKORO Lingua) o‘rtasida O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida fransuz tilini o‘qitishni rivojlantirishda innovatsion metodlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangandi.