Samarqand davlat chet tillar instituti 30 yoshga to‘ldi
Shu munosabat bilan institutda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mehmonlar va talabalar qatnashdi.
Institutda dastlabki yillarda 500 nafar atrofida talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugunga kelib 13 ming nafarga yaqin talaba ta’lim olmoqda. O‘tgan davr mobaynida oliy ta’lim dargohi nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham tanilgan oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi.
- Ayni kunda institutda 8 ta fakultet, 25 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda, - dedi institut rektori Bahodir Xoliqov. – 19 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 16 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda dastlab talabalar festivali tashkil etildi. Unda intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, xorijiy xalqlarning milliy taomlaridan dasturxonlar tuzaldi.
Tadbirning rasmiy qismida viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev viloyat hokimining institut jamoasiga tabrigi o‘qib eshittirdi. Institutning sobiq rektorlari Shahriyor Safarov, G‘anisher Rahimov, Shuhrat Sirojiddinov, Ilhomjon To‘xtasinov o‘z faoliyatlari, institutning kechagi kuni haqida gapirib berdilar.
Tadbirda faol professor-o‘qituvchilar hamda institutning 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan intellektual o‘yinlar va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan talabalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.