Zamonaviy jadid timsoli: Samarqandlik olimning ta’lim sohasidagi fidokorona faoliyati
Professor Azamat Akbarov 1999 yildan buyon O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Shu davr mobaynida o‘nlab yirik ilmiy forumlar, konferensiya va simpoziumlarni tashkil etdi, xalqaro loyihalarni boshqardi. 2011 yildan beri qator universitetlarda ma’ruzalar o‘qidi, ko‘plab olimlarga ilmiy taqrizlar berdi, universitet jurnallari va strategik rivojlanish dasturlariga amaliy yordam ko‘rsatdi.
2003 yildan boshlab mahalliy universitetlarning xalqaro talabalar almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatladi, 2017 yildan esa Erasmus dasturlarida faol ishtirok etdi. 2010 yildan boshlab o‘z mablag‘lari hisobidan chet el olimlarini O‘zbekistonga taklif etib, xalqaro konferensiyalar o‘tkazdi. 2018–2019 yillarda esa bir qator oliy ta’lim muassasalarida qishki maktablar tashkil etdi.
Ayniqsa, 2019 yilda professor Azamat Akbarov O‘zbekiston davlat universitetlarida ilk bor 5 kunlik ta’lim tizimi, kredit-modul tizimi, 50 daqiqalik darslar, bir semestrda 5 ta fan modeli, dual ta’lim, talabalar parlamenti kabi yangiliklarni joriy etdi.
Ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirishda namoyon etgan yuksak mas’uliyati, samarali, xolis va fidokorona mehnati uchun yaqinda professor Azamat Akbarovga Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi nomidan “Tashakkurnoma” taqdim etildi.
Shu kungacha professor Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining «Faxriy yorlig‘i», «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2017 yil 22 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi ta’lim va fan vazirining «Faxriy yorlig‘i»ga ham sazovor bo‘lgan.
Bugun professor Azamat Akbarov jadidlar singari so‘z bilan emas, amal bilan ishlamoqda. Azamat Akbarovga kelgusi faoliyatida yanada yuksak zafarlar tilaymiz.
Guli ERGAShEVA,
filologiya fanlari doktori, professor.