Ta’lim va ilm bir-biriga to‘sqinlik qilmasligi kerak

Yurtimizda ta’lim sohasini modernizatsiya qilish, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida ahamiyat berilyapti. Shunga qaramasdan, amaliyotda bir qator muammolar va yechim talab qiluvchi masalalar saqlanib qolmoqda.

Ilmiy salohiyat va ta’lim sifati o‘rtasida nomutanosiblik

Professor-o‘qituvchilar zimmasiga dars berish, ilmiy maqolalar yozish, tadqiqot olib borish, turli hisobotlarni tayyorlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ma’ruzalar o‘qish, mahalla faollari va uyushmagan yoshlar bilan ishlarni tashkil etish kabi ko‘plab vazifalar yuklanmoqda. Bunday ko‘p qirrali yuklama ta’lim sifati va ilmiy natijadorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, professor-o‘qituvchilardan bir vaqtning o‘zida yuqori sifatli dars va ilmiy faollikning talab etilishi, vaqt va resurslar yetarli emasligi tufayli har ikki sohaga birdek yondashish imkonini cheklamoqda. Ilmiy darajaga ega kadrlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning ta’lim jarayonidagi samaradorligi bir xil darajada emasligi kuzatilmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar ko‘p hollarda o‘quv fanlari va amaliy ta’limdan uzoqlashib ketgani sababli pedagogik mahorat tizimli, xolis baholanmayapti. Shu bilan birga, ilmiy va ta’limiy faoliyatni bir shaxs zimmasiga yuklab, undan yuqori samara kutish amaliyoti professor-o‘qituvchilar yuklamasini keskin oshirmoqda. Bu holat ta’lim sifati hamda ilmiy samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. 

Rivojlangan mamlakatlar tajribasida ta’lim va ilmiy faoliyat  

Germaniya, AQSh, Kanada, Janubiy Koreya va Malayziyada bu sohada samarali tizim shakllangan. Ulardagi universitetlar faoliyatida ikki turdagi maxsus shtatlar mavjud: ta’lim shtatlari asosan dars berish, o‘quv-metodik materiallar tayyorlash va talabalar bilan ta’limiy dasturlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Ilmiy shtatlar esa maqolalar yozish, dissertatsiyalar tayyorlash, grantlar va patentlar ustida ishlash, laboratoriya tadqiqotlari hamda ilmiy rahbarlik kabi vazifalarni bajaradi. Ta’lim va ilmiy faoliyatning samaradorligini oshirish maqsadida ko‘plab xorij mamlakatlarida professor-o‘qituvchilarning vazifalari ixtisoslashtirilgan shaklda tashkil etiladi.

Germaniya universitetlarida ikki yo‘nalishli ta’limga ixtisoslashgan professor va ilmiy tadqiqotchi professor lavozimlari alohida ajratilgan.   Ular uchun dars yuklamasi yuqori bo‘lib, undan ilmiy nashr faolligi kamroq talab qilinadi. Ilmiy tadqiqotchi professor esa darsdan to‘liq ozod qilingan yoki haftasiga 2–4 soatgina o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradi. Uning asosiy vazifasi maqola yozish, ilmiy grantlar ustida ishlash va tadqiqot guruhlarini boshqarishdir. Bunday ixtisoslashuv natijasida ta’lim va ilm bir-biriga to‘sqinlik qilmaydi, har bir professor o‘z vazifasini samarali amalga oshiradi.

Janubiy Koreyada faqat ilmga ixtisoslashgan shtatlar joriy qilingan. Bu lavozimdagi xodimlar umuman dars o‘tmaydi, ular to‘liq davlat va xususiy sektordagi ilmiy loyihalarda ishtirok etadi. Ularning faoliyati Scopus maqolalar, patentlar va grant natijalari asosida baholanadi. Ilmiy mahsulotlar tijoratlashtirilib, innovatsiya va texnologiya shaklida eksport qilinadi. Bu tizim universitetlarning xalqaro reytingda yuqori o‘rinlarni egallashini ta’minlaydi.

Turkiya – YÖK modeli (yuqori ta’lim kengashi). Turkiya universitetlarida professor-o‘qituvchilarning dars yuklamasi va ilmiy faolligi alohida baholanadi. Ilmiy faollik YÖK tomonidan belgilab berilgan ball tizimi asosida hisoblanadi. Ilmiy yuklamani to‘liq bajargan professor-o‘qituvchilar ta’lim yuklamasidan ozod qilinadi va aksincha. Bunday tizim professorlarning ixtisoslashuviga va funksional aniqlikka asoslanadi. Davlat tomonidan moliyaviy rag‘batlantirish vositalari ham joriy etilgan.

Ushbu mamlakatlar oliy ta’lim tizimidagi ilmiy salohiyat, professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasi, tadqiqot imkoniyatlari va ilmiy faolligi ham ta’lim sifati, ham ilmiy tadqiqot samaradorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu ikki jihat o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, ulardan birini ikkinchisidan ustun qo‘yish noto‘g‘ri va samarasiz yondashuv hisoblanadi.

Ilmiy salohiyat ta’lim sifatiga bevosita ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri bo‘lib, ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar talabalarga, yangilangan va tadqiqotga asoslangan bilim berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda ustozlar o‘quv jarayonida talabalarga tadqiqot ruhini singdirib, ularda mustaqil fikrlash, tanqidiy tahlil qilish va ilmiy izlanishga qiziqish kabi qobiliyatlarni rivojlantiradi. Natijada ta’lim dasturlari ilmiy jihatdan asoslangan, zamonaviy tendensiyalar bilan uyg‘unlashgan, mehnat bozori ehtiyojlariga moslashgan bo‘ladi. Ilmiy salohiyat yuqori bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida yangi bilimlar, texnologiyalar va innovatsiyalar yaratiladi. Ilmiy loyihalar, grantlar va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarining kengayishi esa nafaqat universitetning salohiyatini oshiradi, balki mamlakatning intellektual va innovatsion rivojiga hissa qo‘shadi.

Bizdagi muammolarga yechim bormi?

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri ta’limga bo‘lgan talabning yuqoriligi. Ilm ham, ta’lim ham professor-o‘qituvchi yelkasiga yuklangan. Bu og‘irlikni yengillashtirish, ta’lim va ilmiy faoliyatni sifat jihatdan yaxshilashga zamonaviy va insonparvar yondashuv zarur. Buning uchun hech kimni kamsitmasdan, hech kimdan ortiq narsa talab qilmasdan, balki ixtisoslashuv va tanlov erkinligini ta’minlash asosiy mezon bo‘lishi kerak. Shu bois ilmiy tadqiqotchi-o‘qituvchi lavozimini joriy etish va uning huquqiy maqomini belgilash lozim. Bu yangi lavozim ta’lim va ilmiy faoliyat o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydi.

Ixtisoslashgan shtatlar tizimini joriy etishda amaliy yondashuvlar zarur. Buning uchun oliy ta’lim muassasalarida alohida yangi tuzilma yaratish shart emas. Aksincha, mavjud bo‘lgan bo‘lim va boshqarmalarning faoliyatiga maqsadli qo‘shimcha vazifalar yuklash orqali bu jarayonni amalga oshirish mumkin. Jumladan, o‘quv-uslubiy boshqarmalar ta’lim shtatlari bilan ishlashga mas’ul bo‘lishi lozim. Ular quyidagi vazifalarni bajaradi: ta’lim shtatidagi professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini shakllantiradi, yuklama taqsimoti va amalda bajarilishini nazorat qiladi, metodik ta’minot monitoringini amalga oshiradi, fan dasturlari, o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar holati, dars sifati, dars tahlili va talabalardan so‘rovnoma olish orqali ta’lim samaradorligini baholaydi, ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha faoliyatni muvofiqlashtiradi. Ya’ni, ta’lim shtatlarida ishlovchi professor-o‘qituvchilar faoliyatining to‘liq metodik va tashkiliy nazorati ushbu boshqarma zimmasiga yuklanadi.

Ta’lim shtatlari bilan ishlashda o‘quv-uslubiy boshqarmalar mas’ul bo‘lgani kabi ilmiy shtatlarni boshqarish, baholash va rag‘batlantirish vazifasi ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘limi zimmasiga yuklatilishi lozim. Ushbu bo‘lim ilmiy shtatlarni markazlashgan tarzda ilmiy maqolalar hisoboti, xususan, Scopus va Web of Science maqolalarini monitoring qilish, hududiy, milliy va xalqaro ilmiy loyihalarni kuzatib borish va muvofiqlashtirish, ilmiy rahbarlik bazasini shakllantirish (DSc, PhD, magistr talabalar va ularning ilmiy rahbarlari ro‘yxati), ilmiy tadqiqot seminarlari, taqdimotlar va hisobotlar tashkil etish, ilmiy faoliyatni baholashda aniq hujjatlar va ball tizimi asosida hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu tizimda ilmiy shtatdagi professor-o‘qituvchilarning samaradorligi ilmiy bo‘lim tomonidan baholanadi, natijalar esa tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.

Mazkur tizimning amaldagi holatdan farqi shundaki, professor-o‘qituvchilar ixtisoslashtirilgan faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ishlaydi. Hisobdorlik va nazorat vakolatlari ta’lim va ilmiy bo‘limlar o‘rtasida aniq taqsimlanadi. Bu professor-o‘qituvchilarning qobiliyati va manfaatlariga mos ravishda ta’lim yoki ilm sohasida samarali faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratadi. 

Xurshid Samatov,

TATU Samarqand filiali dotsenti, falsafa fanlari doktori.