Xalqaro pedagogik muloqot: shved tajribasi o‘zbek o‘qituvchilari nigohida

Yaqinda O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Shvetsiya Qirolligining Salem kommunasiga xizmat safari bilan bordi.

Delegatsiya tarkibida Samarqand davlat chet tillar instituti, shuningdek, Toshkent, Navoiy, Qo‘qon kabi shaharlardan 21 nafar oliy ta’lim muassasalari vakillari bo‘lib, ular O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi imkoniyatlarini tematik taqdimotlar orqali namoyish etdi.

Delegatsiya vakillari Shvetsiyaning umumiy o‘rta ta’lim tizimi faoliyati, ko‘p tilli ta’lim muhitida qo‘llaniladigan zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan tanishdi. Shuningdek, xalqaro tillar bilan ishlash mexanizmlarini tahlil qilish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida tajriba o‘rgandi. Bu yo‘nalishlar ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro pedagogik integratsiyani kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Delegatsiya a’zolari avval Finlandiyaning Yuvyaskyulya universitetida malaka oshirdi. So‘ngra Shvetsiyaning Stokgolm universitetida zamonaviy pedagogika va ta’lim texnologiyalari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu jarayon ularga ta’limning turli bosqichlarida qo‘llanilayotgan yangi yondashuvlarni tahlil qilish imkonini berdi.

Salemda bo‘lgan vaqt davomida delegatsiya “Fagelsangen” maktabi, shahar kutubxonasi hamda ko‘p tilli muhitda faoliyat yurituvchi markazlarda bo‘lib, ularning ish jarayonini kuzatdi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Shvetsiya ta’lim tizimi o‘quvchining individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etadi, maktab va ota-ona hamkorligiga katta e’tibor qaratadi hamda demokratik, mustaqil fikrlashni qo‘llab-quvvatlovchi ta’lim muhitini yaratishni asosiy tamoyil sifatida belgilaydi. Delegatsiya a’zolari, xususan, “DRIV” (didaktika, natija, ilhom va ilm) konsepsiyasi bilan tanishib, ushbu modelning Shvetsiya ta’lim strategiyasidagi o‘rni va amaliy ahamiyatini o‘rgandilar. Mazkur yondashuvda o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi va tajribasi ta’lim sifatining asosiy omili sifatida e’tirof etiladi.

Safar doirasidagi uchrashuvlar davomida delegatsiya a’zolari Salem ta’lim tizimi vakillari bilan kitobxonlikni rivojlantirish, kutubxona faoliyatini tashkil etish, darslarni loyihalashtirish va pedagogik liderlik sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan o‘zaro fikr almashdilar. Ishtirokchilar nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan metodlarga alohida qiziqish bildirishdi. Shvetsiyaning ko‘p tilli markazida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik pedagog Zilola Yulchiyeva bunday uchrashuvlar xalqaro pedagogik hamkorlikni kuchaytirishi, innovatsion ta’lim texnologiyalarini amaliyotga joriy etishi hamda ilmiy-metodik g‘oyalar almashinuvini faollashtirishi bilan muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Salem ta’lim tizimi tajribasi jamoaviy ish va pedagogik hamkorlikning muhimligini, shuningdek maktab, ota-onalar va ta’lim boshqaruv organlari o‘rtasidagi uzviy integratsiya o‘quvchilarning intellektual, ijtimoiy va shaxsiy taraqqiyotini muvozanatli qo‘llab-quvvatlashini yaqqol ko‘rsatdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari pedagoglarining Salemga tashrifi xalqaro hamkorlikning samarali namunasi bo‘lib, u ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, kasbiy kompetensiyani oshirish va yangi ta’lim yechimlarini izlashga xizmat qiladi. Bunday tashabbuslar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlaydi. Shuningdek, ilmiy asoslangan, sifatli ta’limni rivojlantirishga sezilarli hissa qo‘shadi.

Feruza SOBIROVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.