Nyu-Yorkda ishlayotgan vatandoshimiz Samarqandda 30 million dollarlik “Rent car” va IT sohasiga ixtisoslashgan biznes markaz tashkil etmoqchi
Keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayib, munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Viloyat hokimi A.Boboyev boshchiligida delegatsiya joriy yilning 10-17-may kunlari AQShda bo‘ldi. Ushbu tashrifda Samarqandning investitsiya salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, AQSh texnologiyalarini viloyatga jalb qilish, shuningdek, vatandoshlar sarmoyaci ishtirokida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.
Tashrif davomida Missuri shtati gubernatori Mayk Kexo, Iqtisodiy rivojlanish departamenti direktori Mishel Xeteuey hamda Vakillar palatasi a’zosi Chad Perkins bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
- Samarqand shahrining naqadar boy tarixga ega ekanligidan xabardorman, dedi gubernator Mayk Kexo. - Bugungi kunda mamlakatingizda olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida yaratilgan keng iqtisodiy imkoniyatlar bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu nuqtai nazardan, yaqin kunlarda O‘zbekistonga, xususan, Samarqand viloyatiga tashrif buyurish istagidaman.
Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, neft-kimyo, agrologistika va mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Missuri shtatida yetishtirilayotgan soya mahsulotlarini viloyatimizda qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. “Sangita Capital Partners” kompaniyasi rahbariyati hamda “Missouri Club” a’zosi bo‘lgan yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlarda to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, logistika va tibbiyot sohalarida qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Ma’lumot uchun, “Sangita Capital Partners” kompaniyasi AQShda investitsiya, development va biznes loyihalarni moliyalashtirish sohasida faoliyat yurituvchi kompaniya hisoblanib, sanoat, qurilish, infratuzilma va tadbirkorlik yo‘nalishlarida ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, “FW Logistics” kompaniyasi bilan mahsulotlarni AQSh bozoriga yetkazib berish, “Arthur J. Gallagher & Co.LTD” bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, “Spencer Fane LLP” bilan soya mahsulotlarini qayta ishlash hamda “Trustee of St. Louis Children's Hospital” bilan Ishtixon tumanida kardioxirurgiya markazini tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Vebster universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand viloyati oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda sun’iy intellekt, tibbiyot (jumladan hamshiralik yo‘nalishi), kimyo va biologiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Samarqand shahrida Samarqand davlat chet tillar instituti huzurida Vebster universitetining filiali
2018 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirga qadar mazkur filialni 130 nafardan ortiq talaba bitirgan.
Uchrashuvda viloyat hokimi tomonidan Samarqand shahrida alohida kampus tashkil etish, talabalar almashinuv dasturlarini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va imkoniyati cheklangan talabalar uchun qo‘shimcha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi. Vebster universiteti prezidenti o‘z jamoasi bilan joriy yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilishini ma’lum qildi.
“ITF Group” kompaniyasi rahbari Saidazim Burxonov bilan uchrashuvda viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni AQSh bozoriga eksport qilish hamda mazkur jarayonda kompaniyaning logistika xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, “ITF Group” kompaniyasi xalqaro logistika, yuk tashish va eksport-import xizmatlarini ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritib, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-logistika aloqalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanib keladi.
Qolaversa, uchrashuvda “ITF Group” kompaniyasi viloyatimizda yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan logistika kompaniyasini tashkil etishga qiziqish bildirildi. Ushbu loyiha doirasida 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatlari mavjud.
Ishtixon tumani hokimi AQShning Ogayo shtati, Sinsinnati shahrida ushbu shtatda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda 100 ga yaqin vatandoshlar ishtirok etib, bir qator loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishishdi. Jumladan, “ABS EXPRESS” INC korxonasi tomonidan Ishtixon tumanida qiymati 4 million dollar bo‘lgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etiladigan bo‘ldi. “OBARKER TRUCKING” LLC korxonasi rahbari Atxam Jozilov esa Toytuyoq suv ombori hududida qiymati 6 million dollarlik turizm xizmatlari loyihasini amalga oshirish istagini bildirdi. “TEMUR TRUCKING” LLC korxonasi rahbari Kamol Adilov 3,5 million dollarlik qurilish materiallari savdo kompleksi tashkil etish niyatida.
Kaliforniya shtati “Bay Area Council” tashkiloti direktori Shon Renkolf bilan uchrashuvda viloyatimizning investitsiya va eksport salohiyati yuzasidan taqdimot qilindi. Tadbirda Kaliforniya bozoriga to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari hamda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, “Bay Area Council” 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, San-Fransisko ko‘rfazi hududidagi yirik kompaniya va biznes vakillarini birlashtiruvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi. Tashkilot hududiy iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalar, transport, infratuzilma va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
AQSh Savdo departamenti huzuridagi “National AI Center” markazi rahbari Gabriyela Zelaya hamda qator innovatsion kompaniyalar vakillari bilan muzokaralarda sun’iy intellekt texnologiyalarini turizm sohasiga joriy etish, viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishi hamda Kaliforniya bozoriga mahalliy mahsulotlarni eksport qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Samarkand California Digital Hub” IT markazining ochilish marosimi tashkil etilib, Samarqand viloyati va Kaliforniya shtati startap ekotizimlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Napa vodiysida joylashgan “Castello di Amorosa” vinochilik majmuasi hamda "University of California Davis" tarkibidagi “UCDAVIS Foundation Plant Services” markazi rahbariyati bilan muzokaralar natijasida viloyatimizda “wine tourism” yo‘nalishini rivojlantirish, uzumchilik va vinochilik sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, agrar sohada sertifikatlangan ko‘chatlar yetishtirish hamda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish masalalari o‘rganildi. “UCDAVIS Foundation Plant Services” markazi direktori Maxer Al Rvaxnix bilan uchrashuvda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 3000 dona pista ko‘chati urug‘i Samarqandga yuboriladigan bo‘ldi. Sunatullo Muxammadiyevning “ZAZA AI” kompaniyasi qoshida “Samarqand-Kaliforniya dijital XAB” markazi ochildi.
Filadelfiya shahrida “Samarqand–Filadelfiya” biznes forumi tashkil etilib, unda 200 ga yaqin investor, tadbirkorlar va vatandoshlar ishtirok etdi. Forum doirasida Samarqand viloyatining investitsion va turistik salohiyati taqdim qilinib, 120 kvadrat metr maydonda mahalliy mahsulotlar ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etgan xorij tomoni rasmiylari, jumladan, Filadelfiya shahar kengashining sobiq a’zosi va xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamoat arbobi O Devid O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
- Bir necha yil avval ko‘pchilik O‘zbekiston haqida yetarli ma’lumotga ega emas edi, - dedi O Devid. - Bugungi kunda mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, ochiq iqtisodiy siyosat va samarali strategiya natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topib bormoqda. Shu bilan birga, mamlakatingizning xalqaro nufuzini oshirishda sport sohasidagi yutuqlar ham muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, olimpiya chempionlari, bokschilar va shaxmatchilar mamlakat imijini oshirmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqanligi alohida tarixiy voqea sifatida qayd etildi.
Tashrif doirasida AQShdagi “TMGx Global”, “SLS Groups Worldwide LLC”, “AD Express Trucking LLC”, va “DADAXON TRANS CORP” kompaniyalari bilan bolalar ko‘ngilochar majmuasi, turar-joy massivlari tashkil etish, oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi. Filadelfiya shahrida vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “SAG Carpet & Rugs”, “ASR Food Market” va “UPay.Net” kompaniyalari faoliyati bilan tanishildi.
Uchrashuvlarda eksport hajmini oshirish, logistika xarajatlarini qisqartirish, Samarqand–Filadelfiya aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish hamda xorijiy investorlar uchun maxsus onlayn investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
“Project C.U.R.E.” va “Islamic Relief USA” tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, viloyatimiz tibbiyot muassasalariga qiymati 10 million dollarlik tibbiy jihozlarni xayriya asosida yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, Samarqand viloyatida “Project C.U.R.E.” klinikasini tashkil etish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘rib chiqiladi.
Filadelfiya shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Miryusuf Mirsabirov tomonidan qiymati 10 million dollar bo‘lgan IT sohasiga mo‘ljallangan biznes markaz tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Filadelfiya shahridagi Xusrav Maxmudovning “U PAY” kompaniyasi qoshida “Samarqand - Filadelfiya dijital XAB” markazi ochildi.
Nyu-York shahrida tashkil etilgan “Samarqand-Nyu-York” biznes forumida 100 ga yaqin tadbirkor va investor ishtirok etdi. Forum doirasida bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Jumladan, - “Praxis Ethica Health Compliance Group” kompaniyasi bilan Samarqand shahrida 350 o‘rinli zamonaviy tibbiyot klinikasini qurish;
- “USA Education Academy” bilan talabalarni AQSh oliy ta’lim muassasalariga yuborish hamda bilim va tajriba almashish;
- “AZ Halal Express LLC” bilan zamonaviy zoopark tashkil etish;
- “Tasty Food LLC” bilan “Time Burger” franshizasini yo‘lga qo‘yish;
- “ASA Universal Inc.” bilan Darg‘om kanali bo‘ylab dam olish maskanini barpo etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif davomida Filadelfiya shahrida faoliyat yuritayotgan Azam Asadov bilan ko‘chmas mulk xususan, ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi sohasiga 100 million dollar investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kaliforniya shtatida faoliyat yuritayotgan Sunatullo Muxammadiyev Kattaqo‘rg‘on tumanida qiymati 10 million dollar bo‘lgan xususiy maktab, bolalar bog‘chasi hamda ko‘chat yetishtirish loyihasini amalga oshirish loyihalariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi.
Nyu-York shahrida faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz Baxtiyor Kadirov bilan qiymati 30 million dollar bo‘lgan avtotransport vositalarini ijaraga berish (rent car) loyihasini amalga oshiriladi hamda IT sohasiga ixtisoslashgan biznes markaz tashkil etiladi.
AQShda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuvlar tashkil etildi. Unda investitsiya, IT, ta’lim, madaniy meros va yoshlar tarbiyasiga oid masalalar muhokama qilinib, vatandoshlar tomonidan bildirilgan qator murojaatlarga yechimlar berildi. Shuningdek, viloyat hokimi tomonidan AQShning tashrif buyurilgan har bir shahri bo‘yicha mas’ul vakillar belgilanib, ular zimmasiga tadbirkorlar va investorlar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish, kelishilgan loyihalarni amaliy jihatdan tezlashtirish hamda biznes vakillariga tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatildi.
Xurshidbek SAMIYeV,
viloyat hokimining o‘rinbosari.