Karera markazi – talabalarni ishga joylashtiradi

Har yili oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilar uchun “Karera kuni” mehnat yarmarkalari tashkil etiladi. Unda ish beruvchi tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashadi.

Ochig‘i, bunday mehnat yarmarkalari nomiga o‘tkazilardi. Sababi, mehnat yarmarkalariga ish beruvchi tashkilotlarni topib, jalb etish qiyin edi. Endi oliy ta’lim muassasalarida Karera markazlari tashkil etildi. Xo‘sh, Karera markazining vazifasi nimalardan iborat, degan savol tug‘iladi. Ushbu savolga Samarqand davlat pedagogika instituti Karera markazi boshlig‘i G‘ulom Yakubov javob berdi.

- Karera markazi bitiruvchilarning ish topishiga ko‘maklashadi, - deydi G‘.Yakubov. – Biz viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlaymiz, ya’ni vakant joylar haqida ulardan ma’lumot olib, bitiruvchi talabalarga yetkazamiz. Talabalar o‘zlariga yoqqan vakant joylarga ishga joylashishi mumkin. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan talabalarga bankdan kredit olishiga ko‘maklashamiz. Shu kunga qadar 17 nafar talabaning biznes-loyihalari ma’qullanib, ularga bankdan kredit olishlariga yordam berdik. Ular bugun o‘zlari tanlagan tadbirkorlik turi asosida faoliyat olib boryapti. Banklar tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga 20 milliondan 300 million so‘mgacha kredit beradi. Agar biznes-loyihasi kattaroq bo‘lsa, 1 milliard so‘mgacha kredit olsa bo‘ladi.

Karera markazi 2025 yilning sentyabr oyida ochildi, bugun markazda uch nafar xodim mehnat qilyapti. Shu paytga qadar biz 52 foiz bitiruvchining ishga joylashishiga ko‘maklashdik. Markazimiz nafaqat bitiruvchilarga, balki yuqori bosqich talabalariga ham ish topib beryapti. Yuqori bosqich talabalarimiz haftaning 4 kunida o‘qiydi, 2 kun amaliyot o‘taydi. Ayrim talabalar amaliyot davrida maktablarga ishga qabul qilinyapti. Masalan, “Registon” xususiy maktabiga joriy o‘quv yilida 13 nafar yuqori kurs talabalarini ishga joylashtirdik. To‘g‘ri, yuqori kurs talabalarining hammasini ishga joylashtira olmaymiz. Sababi, maktabda to‘liq shtat asosida ishlash kerak. Talabalar esa amaliyot kunlari yoki ish soati ko‘p bo‘lmagan ishda ishlay oladi.

Bundan tashqari, “Oson ish” platformasining ishga tushgani ham bitiruvchilar uchun ancha qulay bo‘ldi. Sababi, platformadan istalgan yo‘nalishda, istalgan hududdan ish topish mumkin. Shuningdek, platformaga ish izlovchilar o‘zlari haqidagi ma’lumotni kiritishi va bu orqali ish beruvchilar izlayotgan ishchi-xodimni topishi mumkin.

“Oson ish” platformasining afzallik jihati shundaki, unda berilgan e’lon boshqa platformalardek oylab saqlanib turmaydi, aksincha ishchi qabul qilinishi bilan platformadagi e’lon o‘chadi.

Shuningdek, biz institut talabalari bilan suhbatlashdik. Ular orasida ham o‘qib, ham ishlayotganlari bor ekan.

- Urgut tumanidagi 124-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga amaliyot o‘tash uchun borib, ishga joylashdim, - deydi texnologik ta’lim yo‘nalishi, 3-bosqich talabasi Azamat Razzoqov. – Maktabda texnologiya fanidan dars beryapman. Institutda to‘rt kun o‘qiyman, ikki kun maktabda dars beraman. Darsim o‘n soat, 1,5 million so‘m maosh olaman.

- Bizda dushanba, seshanba kunlari amaliyot kuni hisoblanadi, - deydi tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, 3-bosqich talabasi Samira Rahmonova. - Men Samarqand shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida amaliyot kunlarim ishlayapman. Bo‘lajak pedagog uchun nazariya bilan amaliyot birga olib borilishi kerak ekan.

2025-2026 o‘quv yilida institutni jami 3376 nafar talaba bitiradi. Markaz xodimlari bitiruvchi talabalarga ishga joylashish haqida seminar-treninglar o‘tkazib, ularni bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirib kelmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar ham bugun oliy ta’lim muassasalariga qancha xodim kerakligini oldindan buyurtma qilyapti. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi asta-sekin mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga ham joriy etilyapti.

Bugun bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi hukumatimiz, qolaversa Prezidentimiz tomonidan nazoratga olinyapti. Endi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilar bandligini avvalgidek shunchaki monitoring qilmaydi, aksincha ularni ishga joylashishiga ko‘maklashadi.  

Xurshida ERNAZAROVA.