Hayit xayr-baraka, ma’naviy yuksalish bayrami
Viloyatimizda bu yilgi Qurbon hayitini nishonlash maqsadida qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Hayit namozi viloyatning 287 ta masjidida o‘qilishi belgilangan. Namozlar joriy yil 27 may kuni soat 5:30 da boshlanadi.
Masjidlarda namozdan oldin tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
Xalqimiz katta shukronalik bilan qarshi olayotgan Qurbon hayiti davomida masjidlar, ziyoratgohlar va mahallalarda poklik, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari tashkil etiladi.
Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlar uchun xavfsizlik, tartib va qulaylik choralari ko‘rilmoqda. Yo‘l harakati xavfsizligi, huquqni himoya qilish idoralari, transport tashkilotlari hamkorligida fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun sharoitlar yaratiladi.
Yangilangan Imom Buxoriy majmuasida muborak Qurbon hayiti namozi ko‘tarinkilik, yuksak ma’naviy muhit va fayzu baraka bilan ado qilinadi.
Bu yil Haj mavsumida viloyatimizdan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi. Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda malaκali guruh rahbarlari va shifokorlar hojilarimiz xizmatida bo‘lib turibdi.
Bu galgi mavsumning eng quvonchli va e’tiborli jihati shundaki, mamlakatimizdan 100 nafar fuqaroning Prezident hojisi sifatida muborak safarga yuborilganidir. Davlatimiz rahbarining yuksak g‘amxo‘rligi va inson qadriga bo‘lgan yuksak e’tibori tufayli ushbu fuqarolar Haj ibodatini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Bu ezgu tashabbus yurtimizda inson manfaati, mehr-oqibat va saxovat tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotganining yana bir ifodasidir.
Unutilmas va barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan voqealardan yana biri – Prezident Shavkat Mirziyoyevning Haj safarida bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz holidan telefon orqali xabar olganliklari bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Muftiy hazratlari bilan samimiy muloqot qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati bilan qiziqdi.
Ayniqsa, Yurtboshimizning hojilarimizga yo‘llagan samimiy duo va ezgu tilaklari Makkai mukarrama va Madinai munavvarada bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz qalbida beqiyos mamnuniyat, faxr va cheksiz shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otdi. Bu yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik nafaqat hojilarimiz, balki butun xalqimiz uchun katta ma’naviy quvonch bo‘lib, inson qadri va e’tiqodiga qaratilayotgan ulkan ehtiromning namunasi sifatida tarixga muhrlandi.
An’anaga muvofiq, Hayit ayyomi kunlarida qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik qilishning ham tartib qoidalari bor. Bu Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasi. Shariatimizga ko‘ra, qurbonlik 10–12 zulhijja kunlari amalga oshiriladi. Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin. Qurbonlik hayvoni sog‘lom, aybsiz va yetuk bo‘lishi lozim. Uning go‘shti oila a’zolari, qarindoshlar va muhtojlarga tarqatilishi savobli amaldir. Ayni kunlarda viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik odoblari va shariat qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin!
Ahmadxon Alimov,
viloyat bosh imom-xatibi.