Samarqanddagi 278 ta masjidda hayit namozi o‘qildi
Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, 9 iyul Qurbon hayitining birinchi kuni yurtimizda bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
Ushbu kunlarda amalga oshiriladigan tadbirlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘rsatmasiga rioya etgan holda ado etilmoqda.
Jumladan, viloyatimizdagi 278 ta masjidda hayit namozini o‘qildi.
Yaratganga beadad shukrlarki, ezgu amallar, fazilatli ishlar bilan Qurbon hayitini nishonlayapmiz. Bayram oldidan, umuman, bayram kunlarida imom-xatiblar, saxovatpesha kishilar tomonidan mahallalardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.
Imomi A’zam mazhabiga ko‘ra, qurbonlik kuni hur, muqim, boy musulmon odamga qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish zakot va fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur’oni karim, Hadisi sharif va ijmo‘ bilan sobit bo‘lgan.
Qurbonlikning vojibligiga dalillar: “Bas, Rabbingga namoz o‘qi va jonliq so‘yib, qurbonlik qil!” (Kavsar surasi, 2).
Allohning o‘zi uchun ibodat qilib, namoz o‘qish, faqat uning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod, iydi qurbon namozi, “jonliq”dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Qurbonlik qiluvchi hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin qurbonlikni o‘z qo‘li bilan so‘ysa, afzal, qurbonlikni so‘yishda “Bismillahi va Allohu Akbar!” demoq kerak, qurbonlikni so‘yish paytida kimdanligini aytish mumkindir.
Qurbon hayitining birinchi kuni hayit namozidan keyin hayitning uchinchi kuni shom namozigacha qurbonlik qilish mumkin.
Qurbonlik go‘shtining bir qismi oilasiga qoldirilishi, yana bir qismi kambag‘al qo‘shnilarga, yana bir qismi qarindoshlarga tarqatilishi mumkin. Agar oila ta’minotiga kerak bo‘lsa, qo‘shnilarga tarqatmasdan, go‘shtni bir oy ichida ishlatsa bo‘ladi. Qurbonlik qilingan jonliqning terisi va kalla pochasi sotilmaydi, sadaqa qilinadi.
Barchamizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin, azizlar!
Xayrulloh Sattorov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili o‘rinbosari.